Qashqadaryoda suv ta’minoti mutaxassisi 1,2 million so‘m bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyatida «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJ mutaxassisi fuqarodan pul olayotgan vaqtda ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u rasmiylashtirilgan dalolatnomani sudga yubormaslik va hisoblangan zararni bekor qilishni va’da qilgan.
Mazkur holat bo‘yicha firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mutaxassis qanday va’da bergan?
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda «Qashqadaryo suv ta’minoti» AJning ichimlik suvi tizimi nazorat bo‘limi mutaxassisi S.M. firibgarlikda gumonlanib ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, mutaxassis fuqaro X.B.ning o‘g‘li N.B.ga nisbatan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani sudga yubormaslikni va’da qilgan.
Shuningdek, u qayta hisob-kitob o‘tkazib, yetkazilgan zarar summasini bekor qilib berishini aytgan.
Pul plastik kartaga o‘tkazilgan
Ma’lum qilinishicha, mutaxassis xizmat mavqeidan foydalanib, ushbu «xizmatlari» evaziga 1,2 million so‘m talab qilgan.
Pul uning bank plastik kartasiga o‘tkazilgan vaqtda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida mablag‘ protsessual tartibda qaytarilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari davom etmoqda.































Izohlar 0
…