1 iyundan elektr va gaz tariflari yangilanadi: nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda 2026 yil 1 iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari qayta ko‘rib chiqilib, yangi tariflar joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilashga oid qarorida ma’lum qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt/soat narxi 1 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham ayni shu tarif amal qiladi. Aholi kiradigan III guruh uchun esa avvalgidek tabaqalashtirilgan (bosqichli) tarif tizimi saqlab qolindi.
Xususan, elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uylar va yotoqxonalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 325 so‘m,
- 201 dan 500 kVt/soatgacha — 450 so‘m,
- 501 dan 1 000 kVt/soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.
Boshqa maishiy iste’molchilar uchun esa:
- 200 kVt/soatgacha — 650 so‘m,
- 201 dan 500 kVt/soatgacha — 900 so‘m,
- 501 dan 1 000 kVt/soatgacha — 1 100 so‘mni tashkil etadi.
Belgilangan me’yordan yuqori iste’mol qilinganda oshirilgan koeffitsiyentli tariflar amal qilishda davom etadi.
Tabiiy gaz narxlari ham yangilanib, umumiy tartibda 1 kub metr gaz uchun 2 000 so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun esa bu ko‘rsatkich 2 750 so‘mni tashkil etadi.
Aholi uchun gaz ta’minotida ham bosqichli tariflar saqlab qolindi. Xususan, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 100 kub metrgacha bo‘lgan iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 100 so‘mdan hisoblanadi.
Hukumat qaroriga muvofiq, energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilab berilgan.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, elektr va tabiiy gaz tariflari har yili bir marta — 1 maydan boshlab 10 foizdan oshmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!