O‘zbekiston Senati ma’muriy javobgarlikni kuchaytirdi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi. Ushbu hujjat jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda sud tizimi shaffofligini ta’minlashga qaratilgan. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Qonunga ko‘ra, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida yangi 178²-modda kiritilmoqda. Unga binoan, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni ogohlantirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilandi. Bu o‘zgarish bolalarning ruhiy holatini inobatga olish va ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bundan tashqari, transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilib, bu masala faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi. Senat a’zolari mazkur Qonunni ma’qulladilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!