O‘zbekistonda ko‘chmas mulk solig‘i endi bozor narxi asosida hisoblanadi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va ayrim tovarlar bo‘yicha soliq bazasini aniqlash tartibi yangilanmoqda. Bu o‘zgarishlar naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish va bozordagi sun’iy past yoki yuqori narxlarning oldini olishga qaratilgan.
Prezident tomonidan 2025 yil 10 dekabrda imzolangan farmonga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanishi nazarda tutilgan edi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi 2026 yil 18 may kuni “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqladi.
Mazkur nizom Soliq kodeksiga muvofiq ko‘chmas mulk obyektlari hamda yog‘och mahsulotlari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida aniqlash tartibini belgilaydi.
Yangi tartib soliq to‘lovchilar tomonidan sotilgan tovarlar hisob hujjatlarida aks ettirilgan narx bozor narxidan 20 foizga past yoki yuqori bo‘lgan hollarda qo‘llanadi. Ya’ni, agar shartnomada ko‘rsatilgan narx real bozor qiymatidan keskin farq qilsa, soliq organlari bunday holatni qayta hisoblash huquqiga ega bo‘ladi.
Nizomga ko‘ra, soliq organlari soliq bazasini aniqlashda taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalanadi. Ko‘chmas mulk obyektlarining bozor qiymati esa ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Soliq organlari bozor narxini aniqlashda turli axborot manbalaridan ham foydalanishi mumkin. Ular orasida notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, auksion va davlat xaridlari platformalari, sotuvchilarning narxnomalari hamda boshqa ma’lumotlar bor.
Yog‘och mahsulotlari bo‘yicha bozor narxi birja savdolarida sotilayotgan aynan o‘xshash yoki o‘xshash turdagi tovarlar narxlari asosida hisoblanadi.

Qarorda keltirilgan shartli misol ham yangi tartib qanday ishlashini ko‘rsatadi. Masalan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan yangi qurilgan turar joy 1 kvadrat metri 1,07 million so‘mdan sotilgani hujjatlarda ko‘rsatilgan. Umumiy maydon 216,04 kvadrat metr bo‘lib, shartnoma qiymati 231,2 million so‘mni tashkil qilgan.
Biroq shu hududdagi yangi qurilgan ko‘chmas mulk obyektlarining o‘rtacha bozor narxi 1 kvadrat metr uchun 6,1 million so‘m deb aniqlangan. Bu holatda rasmiy sotuv narxi bozor bahosidan 20 foizdan ancha ko‘proq farq qilmoqda. Shu sabab soliq bazasi shartnomadagi 231,2 million so‘mdan emas, balki bozor qiymati asosida — 1 milliard 317,8 million so‘mdan kelib chiqib hisoblanadi.
Natijada kamaytirib ko‘rsatilgan soliq bazasi 1 milliard 86,6 million so‘mni tashkil qilgani ko‘rsatilgan. Ushbu farq bo‘yicha qo‘shimcha QQS va foyda solig‘i hisoblanadi. Misolda umumiy qo‘shimcha soliq miqdori 244,5 million so‘mni tashkil etgan.
Bu tartib amalda ko‘chmas mulk va ayrim tovarlar savdosida narxlarni sun’iy ravishda pasaytirib ko‘rsatish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, davlat budjetiga soliq tushumlarining to‘liq va adolatli tushishini ta’minlash maqsad qilingan.
Qisqasi, yangi nizom bozorda “qog‘ozda boshqa, amalda boshqa” narx ko‘rsatish amaliyotiga jiddiy to‘siq qo‘yadi. Ko‘chmas mulk sotuvida endi faqat shartnomadagi raqam emas, real bozor bahosi ham muhim bo‘ladi. Soliq tizimi shaffoflikka o‘tyapti — kalkulyatorni ham, vijdonni ham to‘g‘ri ishlatish vaqti keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!