23:23 / 24.10.2021
1 750

Saylovchilarning 80,8 foizi prezident saylovida ovoz berdi

Saylovchilarning 80,8 foizi prezident saylovida ovoz berdi
Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi. MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tarixidagi oltinchi prezident saylovida 16 036 914 nafar saylovchi ovoz bergan.

“Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga saylov bo‘yicha mamlakatimizdagi barcha saylov uchastkalarida soat 20.00 da ovoz berish yakunlandi. O‘zbekiston Respublikasining Yevropadagi ayrim davlatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar mamlakatimiz bo‘yicha saylovda ishtirok etganlar 16 million 36 ming 914 nafarni yoki 80,8 foizni tashkil etmoqda. Chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz soni haqida ertaga ma’lumot beramiz.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Saylov kodeksining 96-moddasida, saylov agar unda saylovchilarning kamida 33 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, haqiqiy deb hisoblanishi belgilangan. Demak, Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi bo‘lib o‘tgan va haqiqiy deb hisoblanadi”, deya ta’kidlagan MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Avvalroq MSK soat 9:00 gacha 2 439 291 nafar (12,3 foiz), 11:00 gacha 6 669 552 nafar (33,6 foiz), 13:00 gacha 10 462 575 nafar (52,7 foiz) 15:00gacha 12 748 549 nafar (64,2 foiz) 17:00gacha 14 258 780 nafar (71,8 foiz) saylovchi ovoz berganini ma’lum qilgandi.

Saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan. Saylov kodeksining 97-moddasiga ko‘ra, prezident saylovining yakuniy natijasi haqidagi Markaziy saylov komissiyasi qarori saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinadi va MSK rasmiy veb-saytida va boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

O‘zbekiston tarixidagi oltinchi prezidentlik saylovida kurash «Milliy tiklanish»dan partiya yetakchisi Alisher Qodirov, O‘zLiDePdan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, «Adolat» SDPdan partiya rahbari Bahrom Abduhalimov, Ekopartiyadan partiya raisi Narzullo Oblomurodov va XDPdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova o‘rtasida kechdi.

Agar nomzodlardan birortasi saylovda 50 foizdan ko‘proq ovoz yig‘a olmasa, saylovlarning 2-bosqichi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda 1-bosqichda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod kurashni davom ettiradi.

O‘zbekistonda prezident saylovlari har 5 yilda o‘tkaziladi. 2016 yilda o‘tkazilgan oxirgi prezident saylovlarida Shavkat Mirziyoyev 88 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozongandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Saylovchilarning 80,8 foizi prezident saylovida ovoz berdi