UzAuto Motors shartnoma berish jarayonini to‘liq onlayn tarzda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
“Joriy yil avgust oyidan boshlab UzAuto Motors avtomobillar uchun navbatni kamaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar qabul qilgan edi. Bu ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, avtomobillarni ishlab chiqarish jadvali asosida sotish navbatlarini 3 barobarga, kutish muddatini esa o‘rtacha 1-3 oyga qisqartirish imkonini berdi.
Ammo kutish muddatlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qilingan yechimlar, dilerlik markazlarida ommaviy avtomobillar uchun shartnomalarni olishdagi keskinlikni kamaytirmadi, bu esa haqli ravishda iste’molchilar noroziligi kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan avvalgi kontraktatsiyada, dasturiy ta’minotda yuqori yuklanish tufayli yuzaga kelgan texnik nosozliklar uni sezilarli darajada yangilash zarurligini ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan, UzAuto Motors kompaniyasi Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda UzAutoSavdo tizimini modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, tizimning texnik jihozlanishini kuchaytirish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Onlayn sotuv bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning yakunlanishi va onlayn savdoga to‘liq o‘tish vaqti kompaniyaning rasmiy kanallarida qo‘shimcha ravishda e’lon qilinishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, xaridorgir avtomobillar uchun kontraktatsiya oxirgi marta 3 noyabr kuni ochilgandi. Shartnomani onlayn tuzish imkoniyati ham mavjudligi aytilgan bo‘lsa-da, kompaniya mobil ilovasida nosozliklar yuzaga kelib, ishlamay qoldi. Bu esa jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring