General Motors 350 darajaga chidamli innovatsion alyuminiy yaratdi

General Motors 350 darajaga chidamli innovatsion alyuminiy yaratdi

AQSH Energetika vazirligi tarkibidagi Okrij milliy laboratoriyasi (ORNL) mutaxassislari General Motors bilan hamkorlikda avtomobil dvigatellari uchun yangi avlod alyuminiy qotishmalarini sinovdan oʻtkazishni yakunladi. LMHE (Low-Mass, High-Efficiency) oilasiga mansub istiqbolli dvigatellarda qoʻllanilgan ushbu ishlanma oʻzining yuqori samaradorligini isbotladi. Yangi materiallar dvigatel vaznini 15 foizga kamaytirish bilan birga, yoqilgʻi tejamkorligini anʼanaviy choʻyan va alyuminiy konstruksiyalarga nisbatan 10 foizdan koʻproqqa oshirish imkonini berdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yengil dvigatellar yaratishdagi asosiy muammo har doim kichik vazn va yuqori termal chidamlilikni birlashtirish boʻlib kelgan. Ogʻir pikaplar va tijorat yuk mashinalarining dvigatellari katta yuklama va yuqori haroratda ishlagani sababli, ularning silindr bloklari odatda mustahkam, ammo ogʻir choʻyandan tayyorlanadi. Standart alyuminiy qotishmalari yengil boʻlsa-da, 200 darajadan yuqori haroratda oʻz mustahkamligini yoʻqota boshlaydi. Muhandislar ushbu muammoni hal qilish uchun ikkita yangi material ishlab chiqishdi.

Birinchi qotishma ACMZ deb nomlanib, u quyma detallar uchun moʻljallangan. Alyuminiy, mis, marganets va sirkoniy birikmasidan iborat ushbu material 350 darajagacha boʻlgan haroratda ham oʻz xususiyatlarini saqlab qoladi. Tajriba dvigatelining silindr bloki va kallagi aynan shu qotishmadan tayyorlandi. Ikkinchi material — DuAlumin3D esa maxsus 3D-bosma usulida porshenlar ishlab chiqarish uchun yaratilgan boʻlib, u yuqori termal chidamlilik va charchoq yuklamalariga bardoshliligi bilan ajralib turadi.

Yangi materiallarni yaratish jarayoni ham eʼtiborga loyiq. Odatda avtomobil qotishmasini ishlab chiqish va joriy etish 10 yildan 15 yilgacha vaqt oladi. Tadqiqotchilar zamonaviy kompyuter modellashtirish usullari va mashinali oʻrganish algoritmlaridan foydalangan holda, laboratoriya gʻoyasidan tayyor dvigatelgacha boʻlgan yoʻlni bor-yoʻgʻi 2–4 yil ichida bosib oʻtishdi. Ushbu loyiha texnologiyalar olamidagi "Oskar" hisoblangan nufuzli R&D 100 Award mukofotiga loyiq koʻrildi.

General Motors mutaxassislarining fikricha, ushbu texnologiya keyingi avlod yuk mashinalarini yanada yengil, tejamkor va ekologik toza qilish imkonini beradi. Bunda dvigatellarning quvvati, ishonchliligi yoki resursidan voz kechishga hojat qolmaydi, bu esa tijorat transporti uchun oʻta muhim koʻrsatkichdir.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar