
Savol qiziq – ko‘rinmas avtomobilni uchratib bo‘ladimi?
2010 yilda avtomobillar haqida xabar tarqatuvchi barcha nashrlar Kumho Tyres shina kompaniyasi haqida yozdi. Sidney avtosalonida… ko‘rinmas avtomobil namoyish etilgan edi. Bu qanaqasi bo‘ldi?

Sahnada go‘yo mashinaniki kabi o‘rnashtirilgan to‘rt g‘ildirakdan boshqa hech vaqo yo‘q. Haydovchining taxminiy o‘rindig‘ida haqiqiy odam o‘tiribdi. Ko‘rinmas o‘rindiqda ko‘rinmas rulni tutib o‘tirganiga e’tibor qiling.
Ochig‘ini aytganda, bu ustomonlikdan maqsad avtomobil g‘ildiraklar, aniqrog‘i, pokrishka ustiga qurilishini urg‘ulash edi. Yanayam aniqrog‘i Kumho shinalariga e’tibor qaratish. Ammo bu mohirona ko‘rinishning siri keyinroq ochildi. Ma’lum bo‘lishicha, “ko‘rinmas mashina”ni taniqli golland ko‘zboylag‘ichi “yasagan”. U kiyim ostidan o‘tib tanani kompozisiya o‘rtasida tutib turuvchi sezilmas platformadan foydalangan. Shuning uchun Invisible Car rulida bamaylixotir suyanib o‘tiribdi. Tomosha qiling.