date

Elektromobillar narxi benzinli mashinalarga qaraganda tezroq tushmoqda

Elektromobillar narxi benzinli mashinalarga qaraganda tezroq tushmoqda
AQShda ikkinchi qo‘ldagi elektromobillar narxi benzinli avtomobillarga nisbatan ancha tezroq pasaymoqda, deb xabar berdi iSeeCars tahliliy platformasi tadqiqotiga tayanib Kursiv.media.

Tadqiqotga ko‘ra, 2024 yil iyunidan 2025 yil iyuniga qadar bir yil ichida elektromobillar narxi o‘rtacha 4,8% ga tushgan. Ayni paytda benzinli avtomobillar esa 5,2% ga qimmatlashgan.

1–5 yillik elektromobillar narxi o‘rtacha 31 354 dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga qaraganda 1 569 dollarga kam. Xuddi shunday yoshdagi benzinli avtomobil narxi esa o‘rtacha 32 525 dollar bo‘lib, 1 594 dollarga oshgan.

iSeeCars bosh tahlilchisi Karl Brauer bu holatni quyidagicha izohladi: “Ikkinchi bozordagi xaridorlar birinchi navbatda foydali narxni izlaydi. Bugungi kunda elektromobillar arzonroq, biroq ular tezroq qadrsizlanmoqda.”

Narxi eng ko‘p tushgan 10 ta avtomobil ichida asosan elektromobillar yetakchilik qilmoqda. Tesla Model S, X va Y modellari bir yil davomida 15,8% gacha arzonlashgan va eng yuqori uchlikni egallagan. Model 3 va Porsche Taycan ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.

Analitiklar bu holatni taklif haddan tashqari ko‘paygani va talabning sekinlashgani bilan bog‘lashmoqda. 2024 yil iyulidan buyon ikkinchi qo‘ldagi elektromobillar soni 61,8% ga oshgan, benzinli mashinalar esa 22,2% ga ko‘paygan.

Mutaxassislar fikricha, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab AQShda elektromobillar xaridiga qo‘llanilgan federal subsidiyalar bekor qilinsa, bu EV’lar narxining yanada tushishiga va xaridorgirlikning susayishiga olib kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Elektromobillar narxi benzinli mashinalarga qaraganda tezroq tushmoqda