date

Moped va skuterlar uchun guvohnoma talabidan yuz minglab yoshlar bezovta

Moped va skuterlar uchun guvohnoma talabidan yuz minglab yoshlar bezovta

O‘zbekistonda 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab moped va skuter haydovchilari uchun yangi qoida kuchga kiradi — ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etiladi. Bu qaror jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Xalq demokratik partiyasi (XDP) esa ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, jiddiy e’tiroz bildirdi.

Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakat bo‘ylab 130 mingdan ziyod yoshlar kuryerlik va yetkazib berish xizmatlarida aynan moped va skuterdan foydalanadi. Ushbu yoshlar oila budjetini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois guvohnoma talabi amalga kiritilishi ularni mehnat va daromad manbaidan mahrum etishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

XDP bayonotida qayd etilganidek, hukumat tomonidan kambag‘allikni kamaytirish va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash siyosati olib borilayotgan bir paytda yangi talablar yoshlarni og‘ir ahvolga solib qo‘yishi ehtimoli katta. Shuning uchun partiya qator takliflarni ilgari surdi:

moped va skuter haydovchilari uchun guvohnoma talabini 2026 yilgacha kechiktirish;

guvohnoma olish jarayoni va to‘lov miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini yengillashtirish.

Shuningdek, partiya mazkur masala bo‘yicha deputatlik so‘rovi kiritilishini ham ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 17 iyuldagi qarori bilan elektromototsikl, moped va skuterlar uchun alohida davlat raqamlari joriy etilgan. Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazish 2025 yil 30 sentyabrgacha amal qiladi. 2024 yil dekabridan boshlab esa moped va skuterni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun BHMning 1,5 baravari — 618 ming so‘m to‘lov belgilangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu masalaga oqilona yondashish talab etiladi. Chunki bir tarafdan harakat xavfsizligi ta’minlanishi lozim bo‘lsa, ikkinchi tarafdan minglab yoshlarning kundalik daromadi ham xavf ostiga qo‘yilishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Moped va skuterlar uchun guvohnoma talabidan yuz minglab yoshlar bezovta