Rossiyada «chiroyli» avtoraqamlarni Davlat xizmatlari orqali sotish rejalashtirilmoqda

Rossiya Davlat Dumasiga avtomobil egalariga haq evaziga «chiroyli» davlat raqamlarini tanlash imkonini beruvchi qonun loyihasining yangilangan tahriri taqdim etildi. Hujjat hukumat va soha qoʻmitasi mulohazalari asosida takomillashtirilib, fikr-mulohazalar yigʻish uchun yuborildi. Tashabbus raqamlarni «Gosuslugi» portali orqali band qilishni koʻzda tutadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi tartibga koʻra, raqamlar ikki toifaga — «unikal» va «individual» turlarga boʻlinadi. «Unikal» raqamlarga bir xil raqam va harflardan iborat, hudud kodi bilan mos keluvchi yoki oʻnlik va yuzlik karrali sonli kombinatsiyalar kiritiladi. «Individual» raqamlarni esa haydovchilar mavjud belgilar orasidan oʻzlari mustaqil yigʻishlari mumkin boʻladi.
Xizmat uchun aniq tariflar va toʻlov tartibi keyinchalik hukumat tomonidan belgilanadi. Tushgan mablagʻlarning yarmini Ichki ishlar vazirligi xodimlarining pul taʼminoti jamgʻarmasiga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihada «unikal» raqam egalariga avtomobilni raqam berilgan kundan boshlab uch yil davomida sotishni taqiqlash normasi ham kiritilgan.
Mualliflarning fikricha, bu chora raqamlarni qayta sotish boʻyicha «soya» bozorini cheklashga xizmat qiladi. Qonun loyihasi 2027-yil 1-iyuldan kuchga kirishi kutilmoqda. Hozirda ekspertlar ushbu mexanizmning amaliyotga tatbiq etilishi borasida turlicha fikr bildirmoqda: baʼzilar buni qulay deb hisoblasa, boshqalar Fuqarolik kodeksiga zid kelishi mumkinligidan xavotirda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!