Haydovchilar YPX xodimiga MyGov'dagi hujjatlarni ko‘rsatsa kifoya qiladimi?

Haydovchilar YPX xodimiga MyGov'dagi hujjatlarni ko‘rsatsa kifoya qiladimi?

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi, pasport va ID-kartalarning raqamli (elektron) shakllarini tan olish masalasida ikki davlat organi o‘rtasida jiddiy bahs yuzaga keldi. «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi elektron hujjatlar yetarli ekanini aytayotgan bir paytda, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) buni inkor etib, eski hujjatlarga tayanmoqda. Zamin.uz millionlab haydovchilarni qiziqtirgan ushbu huquqiy kolliziya tafsilotlarini o‘rgandi.

YHXX qayerda adashdi? Eski qaror aks etgan raddiya

Vaziyat «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi tomonidan tarqatilgan videodan boshlandi. Unda haydovchilar bundan buyon YPX xodimiga hujjatlarni telefon orqali, elektron shaklda ko‘rsatishi kifoya ekani ta’kidlangandi. Ko‘p o‘tmay, YHXX bunga rasmiy raddiya berib, haydovchilar baribir hujjatlarning aslini (plastik yoki qog‘oz shaklini) olib yurishi shartligini bildirdi.

Biroq, YHXX o‘z raddiyasida hukumat qarorining eski tahriri aks etgan skrinshotdan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21 maydagi qarori bilan qoidalarga muhim o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, u 22 maydan kuchga kirgan.

Yangi qoidaga ko‘ra: Hujjatlarning MyGov va «Ijtimoiy himoya» ilovalaridagi raqamli shakli ko‘rsatilganda, ularning qog‘oz yoki plastik nusxalari «ichki ishlar organlari tomonidan» (shu jumladan YPX xodimlari tomonidan ham) talab etilmasligi alohida belgilab qo‘yilgan.

Huquqiy kolliziya: Qonunchilikdagi ziddiyat kimning foydasiga ishlaydi?

Bu yerda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK) va Hukumat qarori o‘rtasida ziddiyat (kolliziya) mavjud. Kodeksda hali ham haydovchi hujjatlarni o‘z yonida olib yurishi shartligi va bunga amal qilmaslik BHMning 1 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi yozilgan.

Yuridik kuch jihatdan Kodeks hukumat qaroridan ustun turadi. Ammo Kodeksdan ham ustunroq turuvchi Oliy qonun — Konstitutsiya mavjud:

  • Konstitutsiyaning 20-moddasi: Qonunchilikdagi barcha noaniqliklar va ziddiyatlar davlat organlari emas, inson foydasiga talqin etilishi shart.

  • Konstitutsiyaning 15-moddasi: Bosh qomus oliy yuridik kuchga ega va u to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi.

Demak, huquqiy jihatdan fuqaro telefondagi hujjatni ko‘rsatganda unga jarima solish noqonuniy hisoblanadi.

IIV tizimidagi raqamlashtirish muammosi

Raqamli hujjatlar qog‘oz shakli bilan tenglashtirilganiga naq 1 yil bo‘ldi (2025 yil 1 iyuldan kuchga kirgan). Ammo IIV rahbariyati va YHXX hanuzgacha «hujjatning asli shart» degan gapni takrorlashdan charchamayapti. Agar IIVda xohish va tashabbus bo‘lganida, o‘tgan vaqt ichida Ma’muriy kodeksga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, bu elementar qulaylik hayotga to‘liq tatbiq etilgan bo‘lardi.

Joriy yil boshida davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonov aynan shu sababli qattiq tanqid qilingan edi. U ikki yildan beri tizimni raqamlashtirishda sezilarli natija ko‘rsatmagani va YPXni aholiga servis ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylantirish vazifasini paysalga solayotgani aytilgandi.

Ilg‘or xorij tajribasi qanday?

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bu muammo allaqachon o‘tmishga aylangan:

Davlat

Raqamlashtirish darajasi va tartibi

Ukraina

2021 yildayoq Diia ilovasi orqali raqamli hujjatlarga o‘tilgan. 2022 yildan boshlab esa plastik haydovchilik guvohnomasini olish umuman ixtiyoriy (faqat elektron shaklda saqlash mumkin).

Estoniya

Haydovchi politsiyaga faqat ism-familiyasi va tug‘ilgan sanasini aytsa kifoya. Xodim planshet orqali bazadan tekshirib oladi.

Finlyandiya

Estoniya kabi, haydovchi yonida na qog‘oz va na elektron hujjat olib yurishi majburiy emas. Tekshiruv to‘liq politsiya planshetida bajariladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar