BMW iX3'ning Xitoy uchun maxsus versiyasi namoyish etildi (foto)

Germaniyaning BMW kompaniyasi Xitoy bozori uchun maxsus tayyorlangan iX3 krossoverining uzaytirilgan versiyasini ommaga taqdim qildi. Yangi model Chendu avtosalonida namoyish etildi va uch xil komplektatsiyada xaridorlarga taklif qilindi.
CarNewsChina ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil narxi 269 900 yuandan 339 900 yuangacha bo‘lib, bu taxminan 476 million so‘mdan 600 million so‘mgacha degani.
Asosiy farq — kengroq salon
Xitoy bozori uchun ishlab chiqilgan BMW iX3 oddiy yevropalik versiyadan, avvalo, g‘ildirak bazasining uzaytirilgani bilan ajralib turadi. U 3 metrdan oshgan bo‘lib, ayniqsa orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun ko‘proq qulaylik yaratadi.
Tashqi ko‘rinishda esa jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Krossover tor shakldagi radiator panjarasi, yarim yashirin eshik tutqichlari, yirik orqa diffuzor va o‘ziga xos orqa chiroqlar bilan jihozlangan.

BMW iX3'ning Xitoycha versiyasi nafaqat o‘lchami, balki mahalliy bozorga moslashtirilgan dasturiy ta’minoti bilan ham ajralib turadi.
Salonda tugmalar deyarli qolmadi
Yangi iX3'ning intereri ham zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan. Jismoniy tugmalar soni minimallashtirilgan bo‘lib, asosiy boshqaruv vazifalari raqamli tizimlarga o‘tkazilgan.

Avtomobilning eng qiziqarli jihatlaridan biri — old oyna bo‘ylab joylashgan uzun ekran. Shuningdek, haydovchi tomonga biroz burilgan ulkan multimedia displeyi ham salonning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi.
BMW iX3 qanday quvvatga ega?
Krossover xaridorlarga bir nechta texnik variantlarda taklif qilinadi:
Bazaviy versiya — 265 ot kuchiga ega bitta elektromotor;
Ikki motorli versiya — umumiy 374 ot kuchi;
Top versiya — 469 ot kuchi.

Bazaviy modifikatsiya 100 km/soat tezlikka 6,8 soniyada chiqadi va bir zaryad bilan 630 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.
Ikki elektromotorli versiya esa 100 km/soatga 5,6 soniyada tezlashadi. Uning bir zaryaddagi zaxira masofasi qariyb 700 kilometrni tashkil etadi.
Eng qimmat versiya 900 km yura oladi
BMW iX3'ning eng kuchli, 469 ot kuchiga ega versiyasi esa bir zaryad bilan 900 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi bilan e’tiborni tortadi.
Shunday qilib, BMW Xitoyning tez o‘sib borayotgan elektromobillar bozori uchun nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki salon qulayligi, raqamli texnologiyalari va yuqori yurish zaxirasi bilan raqobatlasha oladigan yangi iX3 versiyasini tayyorladi.































Izohlar 0
…