12:39 / 14.02.2018
6 297

«Avtotest»ning monopoliyasiga barham beriladi

«Avtotest»ning monopoliyasiga barham beriladi
Tahririyatimizga «Avtotest-Report» MChJning majburiy kurslarini o‘tash va uning uchun pul to‘lashdan norozi bo‘lgan haydovchilar, asosan, litsenziya asosida mehnat qilayotgan taksichilardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar, xatlar kelib turgan edi, deb yozadi Kun nashri. Ularning istagi — asosan, bu yangi tizimni bekor qilish, hech bo‘lmasa o‘qitish narxlarini pasaytirish, cho‘ntak ko‘taradigan qilishdan iborat bo‘lib, ular buni to‘lovlar og‘irlik qilishi, yuridik shaxs ixtiyoridagi mashinani korxonalarda bir necha kishi haydashi va ularning barchasini o‘qitish korxonalarga ham qimmatga tushishi, ortiqcha xarajatlar yuzaga kelayotgani bilan asoslab kelishayotgan edi.

Paradoksal vaziyat yuzaga keladi: kichik korxona rahbarining shaxsiy va xizmat mashinasi bor. Bitta haydovchilik guvohnomasi bilan har ikkisini haydashi mumkin. Lekin korxona hisobida turgan mashinani haydaganligi uchun faqat bir tashkilotga pul to‘lab o‘qishi kerak. Har ikki yilda!

Aynan «Avtotest» o‘qishlari tufayli lizingga va korxona hisobiga kreditga yoki to‘liq pul to‘lab avtomashina sotib olish fikridan voz kechganlar ham bor.

Boz ustiga, masalan, viloyatlardan biridan kelgan shikoyatlarda hech qanaqa innovatsion o‘qitish o‘tkazilmayotgani, o‘sha-o‘sha yurish-turishi shubhali o‘qituvchilar, o‘sha-o‘sha eski shablonlardan foydalanishayotganini izhor etishgan.

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida e’lon qilinishicha, vazirlik tomonidan avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha «Avtotest» MChJning monopol huquqlarini bekor qilish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Loyihada haydovchilarni tayyorlash va malakasi oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga berish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilariga o‘rnatilgan malaka oshirishga oid talabni qisman bekor qilish masalasi ko‘rilmoqda. Davriy ravishda haydovchilik malakasini oshirish talabini faqat tijorat sifatida yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qoldirish taklif qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » «Avtotest»ning monopoliyasiga barham beriladi