21:17 / 25.12.2019
7 514

UzAuto Motors to‘rtta yangi krossoveri taqdimotini o‘tkazdi (foto)

UzAuto Motors to‘rtta yangi krossoveri taqdimotini o‘tkazdi (foto)
Bugun Toshkent shahridagi UzAuto Motors Powertrain zavodi hududida UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan uzoq kutilgan yangi avtomobillar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kompaniyaning yangi strategiyasiga muvofiq yurtimizda Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Equinox, Chevrolet Traverce va Chevrolet Tahoe modellari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Chevrolet Trailblazer
Texnologiya, dizayn, yuqori ishlovchanlik, xavfsizlik — bularning barchasi Chevrolet Trailblazer avtomobilida mujassam. Sayohat va kundalik hayot uchun sizga kuchli dvigatelli avtomobil kerak bo‘lsa, ikkilanmay Chevrolet Trailblazer'ga murojaat qilish mumkin.

Ushbu modelning dvigateli hajmi 3,6 litrni tashkil etadi. Ot kuchi esa 275 ta. Avtomobil 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan. Natijada Chevrolet Trailblazer soatiga 100 km tezlik olishi uchun 9,1 soniya kifoya bo‘ladi. Aralash sikl uchun yoqilg‘i sarfi 100 km masofaga 9,7 litrdan iborat.

Boshqaruvga qo‘shimcha tarzda audio tizim va kruiz nazorati bilan birga ushbu yo‘ltanlamas qiyaliklardan pastga tushadigan yordamchi tizim, yomg‘ir sezgich, bort kompyuteri va salonga kalitsiz kirish imkoniga ham ega.

O‘zbekistonga avtomobil 8 ta rangda taqdim etiladi.

Chevrolet Traverce
Yangi Chevrolet Traverce avtomobilida bosib o‘tiladigan har bir kilometr siz va oilangiz uchun ahamiyatli bo‘lishi uchun hamma imkoniyat mavjud. Mashinaga 8 nafargacha yo‘lovchi sig‘adi va biznes sinfiga oid keng yukxona bor. Ushbu avtomobil har qanday vazifaga moslasha oladi. Eng so‘nggi xavfsizlik texnologiyasi haqida gapirish ham shart bo‘lmasa kerak.

318 ot kuchiga ega Chevrolet Traverce dvigateli murosasiz ishlash imkonini beradi. Avtomobil 7,8 soniyada soatiga 100 kilometr tezlikka chiqishi mumkin.

Intellektual to‘liq boshqaruv tizimi sirpanchiq va qorli yo‘llarda avtomobil boshqaruvini kuchaytiradi. Old uzatmani tanlash qo‘shimcha yoqilg‘i tejash imkonini beradi. Oldingi yoki to‘liq uzatmaga o‘tish imkoni esa harakat vaqtida ham mavjud.

O‘zbekistonda avtomobil besh xil rangda sotuvga chiqariladi.

Chevrolet Tahoe
Chevrolet Tahoe — ushbu yo‘ltanlamas afsonaviy maqomini isbotlashi shart emas. U o‘zida V8 dvigatelining mislsiz kuchi va keng intererning birinchi darajali qulayligini ideal darajada jamlagan.

Yuqori sifatli materiallar bilan bezatilgan salon, 8 dyuymli sensorli ekran bilan jihozlangan zamonaviy multimedia tizimi, yangilangan 6,2 litrli dvigatel, 426 ot kuchiga ega quvvat — cheksiz imkoniyatlar deganidir.

Avtomobilda 8 kishi safarga otlanishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi qatorlarning o‘rindiqlarini yig‘ishtirib qo‘yganda yukxona hajmi 2680 litrga yetadi.
Chevrolet Tahoe soatiga 100 kilometr tezlikka 6,8 soniyada chiqa oladi. Yoqilg‘i sarfi esa 100 kilometrga 9,7 litrdan iborat.

Avtomobil yurtimizda uch xil rangda sotuvga chiqariladi.

Chevrolet Equinox
Eng zamonaviy texnologiyalar, eng zamonaviy dvigatel, shassi va boshqaruv tizimi Chevrolet Equinox avtomobilini zavq bilan boshqarish imkonini beradi. 9 bosqichli avtomat uzatma bilan shahardan tashqarida ham bemalol harakatlanish mumkin.

Chevrolet Equinox avtomobilida 100 kilometr masofa uchun yoqilg‘i sarfi aralash siklda 8,2 litrdan iborat. Soatiga 100 kilometr tezlik olishi uchun esa 7,8 soniya kifoya.

Avtomobilda kalitsiz kirish tizimi, panoramali lyuk, eshik va yukxona bo‘limining elektruzatmasi, svetodiodli old va orqa faralar mavjud.
Klassik holatda yukxona hajmi 670 litrdan iborat. Orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda esa sig‘im 1627 litrgacha yetadi.

Avtomobil O‘zbekistonda 5 xil rangda sotuvga chiqariladi.

Qachon xarid qilish mumkin?
Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Traverce va Chevrolet Tahoe avtomobillarini sotish 2019 yilning 26 dekabridan, ya’ni ertagayoq boshlanadi. Chevrolet Equinox xaridini esa biroz kutamiz. Bu ishni amalga oshirish 2020 yilning mart-aprel oylariga rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » UzAuto Motors to‘rtta yangi krossoveri taqdimotini o‘tkazdi (foto)