09:30 / 12.03.2020
4 334

UzAuto’ning yangi narxlari adolatlimi? Korxona o‘zi bilganicha narx belgilashga haqlimi?

UzAuto’ning yangi narxlari adolatlimi? Korxona o‘zi bilganicha narx belgilashga haqlimi?
Foto: O‘tkirbek Xolmirzayev
UzAuto avtomobil narxlarini oshirish katta shov-shuv va muhokamalarni keltirib chiqardi. Bir qarashda bahsli masalalarga oydinlik kiritishi lozim bo‘lgan parlament eshituvlari ham aslida ko‘p savollarni ochiq qoldirdi. Bu savollarning ba’zilariga javob topish uchun yurist, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘tkirbek Xolmirzayevga murojaat qildik. U narx oshirilishi qay darajada adolatli va qonuniy bo‘lganinga izoh berdi.

UzAuto Motors AJ avtomobil narxlarini oshirishi jamiyatda katta bahslar keltirib chiqardi.
Kompaniya mutaxassislari Oliy Majlis va OAV vakillari bilan bo‘lgan parlament eshituvlarida o‘z tovarlari narxi oshirilish sabablari bo‘yicha argumentlarini keltirdi. Asosiy masala qolib boshqa masalalar muhokama qilishga o‘tib ketildi (kompaniya tovarlarining chet eldagi narxlari, tovarlardagi nuqsonlar va h.k.).

Ko‘rinib turibdiki, eshituvlar oshirilgan narxlar bo‘yicha tushuntirish berish va imkon qadar narxlarni oqlash, norozilik kelib chiqishining oldini olish uchun tashkil etilgan. Tadbirdagi ahvol, ayniqsa moderator apologetikasi menga juda kulguli tuyuldi. Deputatlar yuridik jihatdan professional emasligi, masalaning qonuniy asoslarini ko‘rib chiqish o‘rniga ijtimoiy kontekstdan argumentlar qidirganiga e’tibor qaratdim.

Lekin jamiyat ham, OAV ham, deputatlar ham bir narsani nazardan chetda qoldirdi. Bu – ayni kompaniya tovarlari narxlarini belgilashni tartibga soluvchi qonun bilan o‘rnatilgan qoidalar. Zero narx oshirilishi adolatli-adolatsizligi mazkur normalarga asosan belgilanishi kerak edi.

Aslida-ku, monopoliya yomonligi, har qancha tartib o‘rnatilmasin monopoliya uni chetlab o‘tishi, qonunchilik bilan boshqarib bo‘lmasligi ayon. Lekin hali raqobatli bozor yo‘q ekan, hech bo‘lmasa o‘rnatilgan tartibga rioya qilib narx belgilanishini talab qilish mumkin.

Aslida har bir tijoratchi tashkilot o‘z tovarlariga bozordan kelib chiqib o‘zi narx belgilaydi. Lekin shunday (monopol) tijoratchi sub’ektlar borki, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra ular tovarlariga narx belgilashda ayrim tartiblarga rioya qilishga majbur.

Ustun mavqe nima?
«Raqobat to‘g‘risidagi» qonunga ko‘ra, ustun mavqe bu bozorda bir sub’ektning boshqa raqobatlashuvchi sub’ektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘z faoliyatini amalga oshirishi va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, tegishli bozorga boshqa sub’ektlarning kirishini qiyinlashtirishi yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklashi imkoniyatini beradigan holatdir.

Ustun mavqe e’tirof etilishi uchun sub’ekt bozorda 50 foiz va undan ortiq ulushga ega bo‘lishi yoki ayrim shartlar bilan birga 35 foizdan ortiq ulushni egallashi yetarli.

UzAuto Motors AJ bozorda ustun mavqega ega
Bizning UzAuto Motors ushbu belgilarga to‘la mos keladi: tegishli bozordagi ulushi 100 foizga yaqinlashadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, UzAuto Motors AJ avtomobil bozorida ustun mavqeni egallovchi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt hisoblanadi.

Ushbu korxona, menimcha, ustun mavqening eng oliy darajasida monopol mavqeda bo‘lsa kerak, yana hisob-kitob qiluvchi vakolatli organlar yaxshriroq biladi. Zero bozorda unga deyarli raqib yo‘q, uning bozordagi ulushi qariyb 100 foizga yaqin. Bu haqda ochiq ma’lumot yo‘q, lekin bir vaqtlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari buni aytib o‘tgan edi.

Shuningdek, qonuchilik ustun mavqedagi korxonalar o‘z mavqeini suiiste’mol qilishini taqiqlaydi va unga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham u mavjuddir.

Ustun mavqeni suiste’mol qilish bu pirovard natijada raqobatni cheklashga va/yoki iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlardir. Qonunda ushbu suiiste’molning ayrim tarkiblari sanalgan bo‘lib, masalan, tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilash ham suiiste’mol hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, tovarning tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan belgilanadigan narxi, agar ushbu narx:

bunday tovarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar hamda foyda summasidan yuqori bo‘lsa;

asossiz xarajatlarning o‘rnini qoplashga yoki tovarning sifatini pasaytirish natijasida qo‘shimcha foyda olishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, monopol yuqori narxdir.

Ko‘pchilik nazdida UzAuto Motors belgilagan narxlar asossizday (zero u monopol, narxini asoslashi kerak). Unda asosliligini kim tekshiradi? Konferensiyada buni muhokama qilib bo‘lmaydi, xarajatlarni o‘rganish, tahlil qilish va keyin qaror qabul qilish kerak bo‘ladi.

UzAuto Motors narxlarni qanday o‘rnatadi?
Yuqoridagi hujjatni yaxshilab o‘rganib chiqsak, yagona avto ishlab chiqaruvchimiz ustun (yoki monopol) mavqe egallagan korxona sifatida maxsus reyestrga kiritilgan va shunga muvofiq u o‘z tovarlariga o‘zi istaganicha narx belgilash huquqiga ega emas.

Qonunda tovarning bozordagi monopol narxi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanishi ko‘rsatilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi «Tovar bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sub’ektlar tovarlariga narxlarning o‘zgarishi dinamikasini kuzatib borishi:

- har chorakda sub’ektlar tomonidan taqdim etilgan tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar davlat reyestriga kiritilgan tovarlarga qo‘llaniladigan narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
- statistika organlari ma’lumotlarini (ma’lumotnomalar, byulletenlar va boshqalarni);
- ommaviy axborot vositalari ma’lumotlarini;
- belgilangan tartibda amalga oshiriladigan nazorat funksiyalari materiallarini (o‘rganishlar natijasida tekshirish bo‘yicha dalolatnomalar va ma’lumotnomalar, berilgan ko‘rsatmalar va boshqalarni);
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ma’lumotlarini tahlil qilib borishi belgilangan.

Ushbu qarorda monopol narxlarni aniqlash, ularning asosliligini tekshirish tartibi ham belgilangan bo‘lib, UzAuto Motors narxlarini ushbu normaga muvofiqligini tekshirish lozim. Faqat vakolatli organgina aniq hisob-kitoblarga asoslanib narxlarning qanchalik adolatli yoki monopol ekanligini aniqlay oladi.

Demak, reyestrga kiritilgan monopol korxonalarning narxlari Monopoliyaga qarshi organ tomonidan tahlili qilinishi, uning narxlari tovar bozorida qiyoslanadigan narxlarning tegishli o‘sish sur’atlari bilan taqqoslash bo‘yicha tovar narxining 10 foizga asossiz oshirilishida yoki tovar narxi asossiz o‘zgartirilishidan dalolat beruvchi boshqa xatti-harakatlarda ifodalanadigan monopol yuqori narx hodisasi aniqlanganda tegishli choralar ko‘rilishi kerak.

Hozir tannarxni, xarajatlarni narxlarni hisoblash va shakllantirish tartibiga to‘xtalib o‘tirmaymiz, zero bu murakkab ish, uni mutaxassislar qilishi kerak.

Avtomobilga narx oshgani uchun kimdan hisobot so‘rash kerak?
Narxlarni asoslashni UzAuto Motors’dan emas, u bevosita ushbu sohadagi vakolatli organ – Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan so‘rashimiz kerak.

Qonunga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi narxni o‘rganishi, qonun buzilishi holatlari aniqlangan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atishi lozim. Axir ular monopol narxlar o‘rnatilmasligi, iste’molchilar huquqlari kamsitilmasligi va ushbu sohadagi qonun ustuvorligi uchun mas’ul. Shuning uchun ish haqi oladi ular.

Qolaversa, Monopoliyaga qarshi organ monopol narxlarni aniqlashda ommaviy axborot vositalari ma’lumotlarini ham tahlili qilib borishi qarorda ko‘rsatilgan.
* * *
Xulosa qilish mumkinki, Oliy Majlis deputatlari, ular haqiqatan narxlarni o‘rganish, monopol, asossiz narxlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bo‘lsa, UzAuto Motors’ni emas, vakolatli davlat organi –Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini chaqirib, eshituvlar uyushtirishi kerak. Zero ular mutaxassis va aniq hisob-kitoblar bilan javob beradi. Monopol korxonani so‘roqqa tutishdan ne naf? U doim o‘z narxini himoya qiladi va bu uchun uni ayblash qiyin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » UzAuto’ning yangi narxlari adolatlimi? Korxona o‘zi bilganicha narx belgilashga haqlimi?