07:00 / 29.10.2020
905

Bugatti 1850 ot kuchiga ega giperkarni namoyish etdi (foto)

Bugatti 1850 ot kuchiga ega giperkarni namoyish etdi (foto)
Foto: Bugatti
Bugatti kompaniyasi Bolide nomli giperkarini namoyish qildi. Giperkarning maksimal tezligi soatiga 500 kmdan ko‘proqni tashkil qiladi.
Avtomobil 8 litrli, 16 silindrli benzin dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatelning quvvati 1850 ot kuchini tashkil qiladi. Xuddi shunday motor kompaniyaning Chiron Super Sport 300+ modeliga o‘rnatiladi. Dvigatel 7 pog‘onali uzatmalar qutisi va to‘liq privodli tizim bilan birgalikda ishlaydi.

Giperkar yagona nusxada yaratilgan va kelgusida uning seriyali ishlab chiqarilishi hozircha noma’lum.

Bolide’ning maksimal tezligi 500 km/soatdan ko‘proqni tashkil qiladi. U turgan joyidan 100 km/soat tezlikkacha 2,17 soniyada, 200 km/soat tezlikkacha 4,36 soniyada va 500 km/soat tezlikkacha 20,16 soniyada erisha oladi.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, giperkar “Le-Man 24 soat” poygalari o‘tuvchi va uzunligi 13,6 kmni tashkil qiluvchi “Sarta” trassasini 3 daqiqa 7 soniyada, Nyurburgring trassasining uzunligi 22,8 kmni tashkil qiluvchi shimoliy qismi – “Nordshlyayfe”ni 5 daqiqa 23 soniyada o‘ta oladi.

Mashina karbon monokokk negizida qurilgan. Uning ba’zi detallari aerokoinot sohasida qo‘llanuvchi titan qotishmadan ishlangan.

“Bugatti’dagi 16 yillik faoliyatim davomida bundan ekstremalroq konsept ustida ishlamagandim”, deb tan olgan kompaniyaning dizayn bo‘limi rahbari Axim Anshaydt.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)