OAV va ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors’ga nisbatan «maxsus buyurtma» asosida turli bo‘hton va asossiz xabarlarning tarqatilishi nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu haqda kompaniyaning yuridik departamenti direktori Rustam Shaymardanov muallifligi ostida chiqarilgan maqolada aytilgan.
Qayd etilishicha, bunday xabarlar tarqalishi 2020 yilning avgust–sentabr oylarida UzAuto Motors kunlik tushumining qariyb 30-40 milliard so‘mga keskin kamayishiga olib kelgan, oqibatda kompaniyaning bu oydagi tushumi 562 milliard so‘mga kam chiqqan.
«Bunday yo‘qotishlar, albatta, kompaniyaning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat budjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashiga to‘sqinlik qilgan. Mablag‘ taqchilligi yuzaga kelishi oqibatida sentabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to‘lovlari va xorijiy hamkorlarga yo‘naltiriladigan to‘lovlar oktabr–noyabr oylarida kechiktirib to‘langan», — deyiladi xabarda.
Ikkinchidan, kompaniyada aytilishicha, ushbu xabarlar O‘zbekiston avtosanoat sohasining investitsiya jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Uchinchidan, UzAuto Motors investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish borasidagi xorijiy hamkorlar bilan 150 million yevro miqdoridagi kelishuvning kechikishiga sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, kompaniya 2020 yilda erishgan asosiy yutuqlar ham sanab o‘tilgan:
- ishlab chiqarish hajmi so‘nggi 3 yilda ikki baravar — 140 donadan 280 ming donaga yetdi;
- savdo tizimini raqamlashtirish natijasida avtomobillar savdosi shaffofligiga erishildi;
- sohada raqobatni kuchaytirish maqsadida Jizzax viloyatida eng yirik jahon brendlaridan biri bo‘lgan, Germaniyaning Volkswagen avtomobillari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi;
- eksport hajmi qariyb 1,5 baravarga (2019 yilda — 3 baravarga) oshdi;
- sohaga investitsiya hajmi 2020 yil yakuniga ko‘ra 100 million dollardan oshdi (o‘tgan yili 70 million dollarga oshgan);
- budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalarga 5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ to‘landi (o‘tgan yili 2,6 trillion so‘m to‘langan);
- 2020 yilning oktabr oyida audit yakunlariga ko‘ra kompaniya xalqaro BIQ IV (Built-in quality) sifat darajasini oldi;
- har 1000 dona avtomobilga 15 nuqsonli holatlar to‘g‘ri keldi (jahon ko‘rsatkichi o‘rtacha 28 tani tashkil etadi).
Eslatib o‘tamiz, deputat Rasul Kusherbayevning tanqidlari ortidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan va 2020 yilning iyul oyida UzAuto Motors’ga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. Qo‘mitaning 2020 yil 19 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlangan. Qo‘mita narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. UzAuto Motors esa bunga «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.
Mazkur o‘rganish natijalari omma uchun e’lon qilingach UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirgandi va keyinroq kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qilgani ma’lum bo‘lgandi.
23 oktabrda bo‘lib o‘tgan sud majlisida UzAuto Motors chetdan olib kelingan butlovchi ehtiyot qismlarning narxi oshishi, xorijiy valyuta kursi oshishi tannarxlarning shakllantirishida ta’sir qilishini ta’kidlab, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bu holatni hisobga olmaganini bildirgan. Bunga javoban qo‘mita vakillari tekshirish davomida bir necha marotaba hujjatlar taqdim etish so‘ralganida kompaniya tomonidan tegishli hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi, tekshirish muddati yakunlanishiga kam vaqt qolganligi sababli umumiy hisob-kitoblar tanlov asosida o‘rganib chiqilganligini ma’lum qilgan.
Toshkent shahar ma’muriy sudining 2020 yil 30 oktabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi UzAuto Motors’ning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 18 noyabr kuni UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritdi. Toshkent shahar ma’muriy sudida 18 dekabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining mazkur apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, birinchi instansiya sudining 2020 yil 30 oktabrdagi hal qiluv qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi