12:07 / 16.04.2021
3 833

Chevrolet Onix turli soha vakillari va blogerlar ishtirokida sinovdan o‘tkazildi


Foto: UzAuto Motors
UzAuto Motors  iste’molchilar ehtiyojlarini aniqlash va ichki bozordagi talabni o‘rganish maqsadida Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, turli soha vakillari va blogerlar ishtirokidagi ushbu tadbir Toshkentdagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilardan sinovdan o‘tayotgan modellardan iste’molchilarning ko‘ngillari to‘lgani yoki kamchiliklari borasida: avtomobil dizayni, qulayligi va boshqa ko‘plab jihatlarini o‘rganishga qaratilgan so‘rovnoma o‘tkazilgan.

So‘rovnomalar natijasi O‘zbekistonda seriyali ishlab chiqarilishi kutilayotgan ushbu avtomobillarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga asos bo‘ladi.

Chevrolet Onix ham, Tracker ham Asakadagi UzAuto Motors zavodida ishlab chiqariladi. Yangilangan Tracker allaqachon sotuvga chiqqan — uning birinchi partiyasi sotuvga chiqarilgan birinchi kunning o‘zidayoq sotilib ketdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning fevral oyida O‘zbekistonga Chevrolet Onix’ning sinov uchun namunalari olib kelindi. O‘zbekistonda ushbu avtomobilni ishlab chiqarish 2022 yil oktabr—dekabr oylarida boshlanishi va 9—12 ming dollar atrofida sotilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda Chevrolet Onix va yangi avlod Chevrolet Tracker avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida ilk bor 2019 yil iyunida ma’lum bo‘lgan edi.

Dastlabki reja bo‘yicha, Onix’ni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi bosqichma-bosqich 60 foizga yetkazilishi, uning xorijdan olib kelinadigan ehtiyot qismlari umumiy qiymati (2019 yil iyul oyi holatiga ko‘ra) 2300 dollarni, mahalliy ehtiyot qismlarining umumiy narxi esa 4200 dollarga baholanayotgan edi.

Kompaniya 2019 yilgi bayonotida 2020 yildan Global Emerging Markets (GEM) yagona budjet platformasida Chevrolet Onix sedani va boshqa bir qator yangi modellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan edi.

Yangi avlod Chevrolet Onix sedanining xalqaro taqdimoti 2019 yil bahorida Xitoyda bo‘lib o‘tgan, keyinroq General Motors kompaniyasi modelning eski avlodi ancha talabgir bo‘lgan Janubiy Amerika bozori uchun mo‘ljallangan alohida variantini namoyish etgan edi. Braziliya uchun mo‘ljallangan Chevrolet Onix 2020 modeli o‘z nomida maxsus Plus qo‘shimchasini olgan. Aynan shu mintaqa uchun modelning xetchbek ko‘rinishi ham ishlab chiqilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Chevrolet Onix turli soha vakillari va blogerlar ishtirokida sinovdan o‘tkazildi