
Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha prezident qarori imzolandi. Qaror bilan 2022 yil oxirigacha eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga yengil mashinalarda taksichilik qilishga ruxsat berilmoqda.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 sentabrdan boshlab YATT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi.
Taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ham yuridik shaxslar, ham YATTlarga tegishli avtomobillar uchun quyidagi yagona talablar joriy etilmoqda:
- avtotransport vositasining tom qismiga to‘q sariq rangli fonar (plafon) o‘rnatish va unda «TAXI» tanish belgisini aks ettirish;
- to‘lovni amalga oshirish hamda bosib o‘tilgan yo‘lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (uyali telefon, planshet va boshqalar) bilan jihozlash;
- avtotransport vositasining priborlar panelida avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan tablichka mavjud bo‘lishi kerak.
Yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun quyidagi preferensiyalar nazarda tutilmoqda:
- «to‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtab, yo‘lovchilarni olish va tushirish huquqi saqlanib qolmoqda;
- aeroport, temir yo‘l vokzali, davlat ishtirokidagi avtovokzal, bozor va savdo komplekslarining pullik to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirishga ruxsat berilmoqda;
- avtobuslar uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagida harakatlanishga ruxsat berilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar