08:30 / 27.08.2021
2 556

YTH haqida xabarnoma rasmiylashtirgan haydovchilar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi

YTH haqida xabarnoma rasmiylashtirgan haydovchilar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi
O‘zbekistonda haydovchilar yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun 25 avgust kuni Prezident tomonidan imzolandi. Qonun bilan «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish uchun asoslar belgilandi.

Unga ko‘ra, YTH to‘g‘risidagi xabarnoma — sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi haqida sug‘urtalovchiga xabar berish uchun hodisa sodir etilgan joyda unda ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘ldiriladigan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganligi faktini tasdiqlovchi hujjat.

Xabarnoma yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz tuziladi.
Haydovchilar tomonidan xabarnomani rasmiylashtirish ma’muriy javobgarlikka tortilishni istisno etuvchi holat etib belgilandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda YTHda ishtirok etgan haydovchilar tomonidan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma tuzilgan taqdirda haydovchi javobgarlikka tortilmasligi belgilandi.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risida xabarnoma tuzish uchun asoslar ham belgilandi:
  • YTH jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishiga yoki yo‘l harakatini boshqarish moslamalariga yoki boshqa mulkka zarar etkazilishiga olib kelmagan bo‘lsa;
  • YTHda ishtirok etgan haydovchilardan biri o‘z aybini to‘liq tan olgan bo‘lsa;
  • YTH piyoda ishtirokisiz sodir bo‘lgan bo‘lsa;
  • YTH ikkita transport vositasi (shu jumladan ularga tirkamali transport vositalari) to‘qnashuvi natijasida sodir bo‘lgan bo‘lsa va faqat shu transport vositalari shikastlangan bo‘lsa;
  • transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligi YTHT yuz berishidan oldin sug‘urtalangan bo‘lsa;
  • YTHda ishtirok etgan haydovchilarda haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma, ishonchnoma (ishonchnoma talab qilinmagan hollar bundan mustasno), yo‘l varaqasi (qonunda nazarda tutilgan hollarda) bo‘lishi va ushbu hujjatlarning amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa;
  • YTHda ishtirok etgan haydovchilar mast holda bo‘lmagan bo‘lsa;
  • YTH natijasida avtotransport vositalariga zarar yetkazish holatlari, shuningdek, avtotransport vositalarining shikastlangan qismlarining tabiati va ro‘yxati yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari o‘rtasida kelishmovchiliklarni (nizolarni) keltirib chiqarmayotgan bo‘lsa.

Yuqorida keltirilgan asoslardan biri bo‘lmasa, yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma haqiqiy emas deb topiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » YTH haqida xabarnoma rasmiylashtirgan haydovchilar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydigan bo‘ldi