Senat yalpi majlisida senator va Avtoyo‘llar qo‘mitasi raisi yo‘llarni ta’mirlash sifati, ularning xizmat muddati va ekspertizasi haqida bahslashdi.
Oliy Majlis Senatining 20–21 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisida parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev o‘rtasida bahsli holat yuzaga keldi.
Qo‘mita raisi senatorning ma’ruzasida ta’kidlab o‘tilgan masalalar yuzasidan keskin munosabatini bildirdi. Bunga javoban Qutbiddin Burhonov ham o‘z fikrini bildirdi.
“Senatorimiz avtomobil yo‘lini joriy ta’mirlash ishlari bajarilgandan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani va bu hol jiddiy muammolarga sabab bo‘layotgani haqida fikr bildirdilar. Biz 30 santimetrlik yamoqdan tortib katta yamoqlargacha yo‘llarni joriy ta’mirlash deb hisoblaymiz.
Joriy ta’mirlangan yo‘llarning xizmat qilish muddatini normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilash mumkin emas, dunyo bo‘yicha hech qayerda bunday narsa yo‘q. Chunki kichkina “yama” ham, kattasi ham joriy ta’mirlash hisoblanadi. Uni joyida sifatli qilish kerak, bo‘ldi, boshqa narsa kerakmas, men shunday deb hisoblayman”, – dedi Abdurahmon Abduvaliyev.
O‘z navbatida, Qutbiddin Burhonov qo‘mita raisining iddaolarini rad etib, amalga oshirilayotgan yo‘l qurilishi sifatini tanqid qildi va har bir qilingan ishning kafolati bo‘lishi keraklini ta’kidladi.
“Siz rahbarlik qilayotgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi tashkilotlar ta’mirlagan yo‘llar qaysidir masofadan boshlanib, belgilangan masofaning oxiriga yetilganda boshida ta’mirlangan asfalt ko‘chib ketayotgan holatlar bor. Ya’ni ta’mirdan keyin yo‘llarning sifati bir yil u yoqda tursin, bir oyga ham bormayapti. Men kapital ta’mirlash haqida gapirayotganim yo‘q.
Qoplamasi ko‘chib ketgan yoki o‘ydim-chuqur yo‘llarni joriy ta’mirlash haqida o‘zingiz gap ochdingiz. Shu sababli ma’lumot berayotganda holatga ob’ektiv baho berish kerak. Men joriy ta’mirlangan yo‘llarning xizmat ko‘rsatish muddatini belgilash haqidagi fikrlarimni ekspertlar guruhi bilan birga vaziyatni o‘rganganimdan keyingina aytyapman. Har bir qilingan ishning kafolati bo‘lishi kerak. Kafolatsiz qilingan ish mana shunday noto‘g‘ri xulosalarga olib keladi”, – deydi Qutbiddin Burhonov.
Qutbiddin Burhonov
Senator yalpi majlisdagi chiqishi davomida hozirgi kunda yo‘l qurilishi sohasida pudratchi tomonidan bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash bo‘yicha sinov laboratoriyasi aynan pudratchining o‘zi tomonidan jalb qilinayotgan holatlar mavjudligi, bu esa tizimda korrupsiyaviy omillarni yuzaga keltirayotganiga e’tibor qaratgandi. Abdurahmon Abduvaliyev majlis ishtirokchilarini ushbu tizim o‘zini oqlayotganiga ishontirishga urindi.
“Butun dunyo bo‘yicha 1927 yildan boshlab qo‘llab kelinayotgan tizimga asosan, pudratchi tomonidan bajarilayotgan yo‘l qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash bo‘yicha sinov laboratoriyasini o‘zi yollaydi. Bu tizim Fransiyada ishlab chiqilgan. U yerda inspeksiyalar ham, boshqasi ham yo‘q. Mayli, bu boshqa masala.
Misol uchun, biz xalqaro moliyaviy institutlar ishtirokida bu yil 154 mln dollarlik ish qilamiz. U yerga inspeksiya [Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi nazarda tutilmoqda – tahr.] kirishga haqqiyam yo‘q, kirolmaydi ham. Sababi xalqaro banklarning talabi bo‘yicha o‘rtada konsultant olinadi va u qurib foydalanishga topshiriladigan yo‘llarni qabul qilib oladi. Konsultant yo‘lni qabul qilib olgandan keyingina biz xalqaro moliya institutlari tomonidan ajratilgan mablag‘dan bajarilgan ishlarning pulini to‘lab beramiz.
Biz o‘zimizni qayta-qayta tekshiruvdan o‘tkazib borish, bajarilayotgan yo‘l qurilish-montaj ishlari sifati me’yordagidan pasayib ketmasligini nazorat qilish uchun sinov laboratoriyasini yollaganmiz. Marhamat, agar xohlasa, inspeksiya ham kelib tekshirsin, boshqa tashkilotlar ham bizni tekshiradi. Qurilish sifatini baholash uchun o‘zimizning laboratoriyalardan tashqari mustaqil laboratoriyalarni yollashimiz xotirjamligimiz uchundir.
Prezidentimiz joriy yilda ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash uchun juda katta – 3 trln so‘mdan ortiqroq pul ajratdilar. Bunaqasi hech qachon bo‘lgan emas. O‘n yillar davomida ham shuncha pul ajratilgan emas. Ilgari ming km atrofida yo‘llar ta’mirlangan bo‘lsa, qaror bo‘yicha 10100 km yo‘l ta’mirlanishi kerak edi, biz bu rejani 16600 km qilib bajardik. Mana shu yo‘llarning sifatini tekshirish uchun ham konsalting-laboratoriyasini jalb qilganmiz. Ular yo‘lni qabul qilib olgandan keyin, ishchi komissiyada mahalliy deputatlar qabul qilib olishgandan so‘nggina pudratchiga bajarilgan ishlar uchun shartnomada belgilangan pulni o‘tkazib beramiz”, – deydi Abdurahmon Abduvaliyev.
Senat qo‘mitasi raisi xizmat haqini qo‘mitadan oladigan laboratoriya xulosasi xolis bo‘lishini shubha ostiga oldi.
“Laboratoriya masalasiga kelsak, yo‘llarning sifatini baholaydigan muassasa xolis bo‘lishi kerak. Qo‘mita tomonidan yollangan firma qanday qilib xolis xulosa bera oladi? Shu sababli senatorlarga axborot berayotganda o‘zingiz ham xolis bo‘lishingizni so‘rardim”, – dedi Qutbiddin Burhonov.
Senator o‘z chiqishida yo‘llardagi ta’mirlash ishlari sabab yuz bergan YTHlar bo‘yicha Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar bir-biriga zidligi, bu ikkita tashkilot orasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganining belgisi ekanini aytgandi.
Abdurahmon Abduvaliyev bunga javoban yo‘llardagi nosozliklar natijasida yuzaga kelgan avariyalar hisobini yuritish bo‘yicha yo‘l harakati xavfsizligiga doir qonun hujjatlari bilan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga hech qanday majburiyat yuklatilmagani, lekin shunga qaramay bunday hisob-kitob olib borilishini va ushbu statistik ma’lumotlar IIV YHXBB ma’lumotlari bilan mos kelishini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi