Import avtomobillarga boj 2 barobar pasaydi — bundan boylar manfaat ko‘radi
O‘tgan haftada prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda hukumatga import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirig‘i berildi.
Jamoatchilik import avtomobillarga bojxona boji kamaytirilishi raqobat muhitini kuchaytiradimi degan savolni o‘rtaga tashladi. Kun.uz ham pasaytiriladigan bojlar narxlarga qanday ta’sir qilishi haqida maqola e’lon qildi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev qarordan asosiy foydani boylar va import avtomobil iste’mol qiladigan boylar ko‘rishini ta’kidladi.
«Chegaradagi bojlar kamaytirilishining avtomobil importiga deyarli ta’siri bo‘lmasligi haqida ko‘p yozildi. Lekin ko‘pchilik bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmoqda. To‘g‘ri bojni (hozir 30 foiz) ikki barobar pasaytirish importga ta’sir qilmasligi rost, lekin bu o‘zgarishdan foyda ko‘radigan guruhlar bor, albatta. Bunday kishilar, qimmat avtomobil import qiluvchi aholining eng daromadi yuqori qatlami. Ya’ni aholining daromadi yuqori kichik guruhi hozirgacha ham chet eldan avtomobil olib kelar edi. Chegaradagi bojning 15 foizga pasayishi esa ular iste’mol qiladigan avtomobillar narxi sezilarli pasayishiga olib keladi.
Bojlar pasayishidan o‘rta daromadli aholi qatlami (ya’ni o‘rtacha narxdagi avtomobil xarid qilishga imkoniyati borlar) hech nima yutmaydi, bu o‘zgarish ular uchun hech nimani anglatmaydi, ular yana o‘sha «qadrdon» zavodimiz chiqarayotgan avtomobillarga navbatda turishga majbur bo‘ladi. Qarordan asosiy foyda ko‘radiganlar esa daromadi eng yuqori va import avtomobillarini iste’mol qiladigan boylar», deb yozdi iqtisodchi.
U albatta bu Yangi O‘zbekiston uchun mantiqiy qaror ekanini urg‘ulagan.
Monopolist utilizatsiya yig‘imlarini to‘laydimi?
Avtomobil va «qadrdon» monopolist mavzusi hech qachon trenddan tushmagan. Iqtisodchi Otabek Bakirov monopolist budjetga to‘lamaslik ehtimoli yuqori bo‘lgan utilizatsiya yig‘imlari haqida yozdi.
«Ma’lumki, 2020 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgan edi.
Lekin o‘tgan 1,5 yil davomida Hukumatning budjet bo‘yicha ochiqlangan ma’lumotlarida ham, soliq va moliya organlarining axborotlarida ham utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha undirilgan to‘lovlarning miqdorlari biron marta ochiqlangani yo‘q.
Masalan, mahalliy ishlab chiqaruvchi monopolist UzAuto Motors 2020 yil avgust–dekabr oylari uchun qariyb 2,5 trln so‘m, 2021 yil uchun esa kamida 5,3 trln so‘m miqdorida utilizatsiya yig‘imi to‘lashi lozim edi. Bu faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar bo‘yicha. UzAuto Motors’ning chayqovchilik faoliyati — import qilib sotilayotgan avtomobillar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi bu hisobga kirmaydi.
UzAuto Motors utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgani bo‘yicha gumonli savollar nima uchun keltirilmoqda.
Birinchidan, bu haqda na hukumat, na Moliya vazirligi, na Soliq qo‘mitasi axborotlarida ma’lumot yo‘q. Vaholanki, hajmi bo‘yicha utilizatsiya yig‘imi budjetga tushadigan 5-raqamli to‘lov.
Ikkinchidan, biror joyga bir so‘m o‘tkazib qo‘ysa, ayyuhannos soladigan UzAuto Motors’ning o‘zi ham jim. Falon trillion so‘m utilizatsiya yig‘imi to‘ladik, deb jar solishgan bo‘lardi, agar rosmana to‘lashganida. Qolaversa, 2021 yil prognozlarida monopolist to‘lagan soliqlarning jami budjet daromadlaridagi ulushi 1,5 foiz atrofida bo‘lgan yoki 2,5 trln so‘m. 2021 yil uchun utilizatsiya yig‘imining o‘zi esa kamida 5,3 trln so‘m. Farqini sezayotgandirsiz.
Uchinchidan, joriy qilinayotgan turli soliq va yig‘imlar UzAuto Motors kabi hukumatning arzandalariga kelganida ishlamay turadi, boshqalarga nisbatan esa qo‘llanadi. Ya’ni shu holda ham UzAuto Motors uchun noqonuniy qulaylik, qolganlarga esa raqobatni sindiruvchi harakatlar ro‘y beradi. Masalan, 2019 yil 1 oktabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3 foizlik yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi belgilangan edi. Mazkur yig‘im 2019 yil 1 oktabrdan 2021 yil 31 dekabrgacha amal qildi. Lekin UzAuto Motors 3 foizlik yig‘im bo‘yicha biror so‘m mablag‘ni budjetga o‘tkazmagan. Vaholanki, 3 foizlik yig‘im avtomobillar narxiga qo‘shib, xaridorlardan undirib kelingan. Hattoki Hisob palatasining e’tiroz va talablari ham kor qilmagan», deb yozdi iqtisodchi.
U ertaga mabodo UzAuto Motors avtomobillar narxini oshirish harakatlariga tushsa, O‘zbekiston jamoatchiligi, OAV va saylangan deputatlar monopolist oldiga qat’iy talab qo‘yishi kerakligini ta’kidlagan:
«Avval, 27 oy davomida budjetga o‘tkazilmagan 3 foizlik yig‘imlarni (kamida 3 trln so‘m atrofida bo‘ladi) qurtday to‘lab qo‘yishi, keyin esa utilizatsiya yig‘imi to‘lovlarini (7,8 trln so‘m), agar to‘laganiga isbot keltira olishmasa, budjetga qaytarishlari zarur. Keyin qolganini muhokama qilish mumkin bo‘ladi.
3 foizlik yig‘im ham, utilizatsiya yig‘imi ham budjetning, demakki, o‘zbekistonliklarning haqqi.
Kichik biznesni qiynashni xush ko‘radigan, turli eksperimentlar ustasi bo‘lgan Soliq qo‘mitasi nega UzAuto Motors to‘lashi kerak bo‘lgan trillionlab yig‘imlarni budjetga undirishga urinib ko‘rmaydi? Slabo?!»
Toshkent shahar hokimligi hech narsani tushunmagan, tushunmasa ham kerak
O‘tgan haftada Gazeta.uz saytining Toshkent shahridagi Navoiy ko‘chasi ham trassaga aylantirilib bu poytaxt tobora yo‘lovchilar uchun xavfli shahar bo‘lib qolayotgani haqidagi maqolasidan keyin hokimlik vakillari OAV bilan uchrashdi.
Uchrashuv yakunlari borasida bloger Qobil Xidirov (Davletov.uz) tanqidiy munosabatlarini bildirdi.
«Shu yil 16 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi rahbariyatining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida, aslida, jamoatchilik hokimiyat vakillariga yuqoridagi suratdagi g‘oyani yetkazishmoqchi bo‘lishdi.
Odamlar taksi yoki shaxsiy avtomobilidan ko‘ra jamoat transportini afzal ko‘rsin, piyoda yursin. Shahar ko‘chalari shu g‘oya asosida ta’mirlanishi, qayta qurilishi kerak. Ammo shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov bu g‘oyani umuman tushunmagan. Tushunmasa ham kerak.
Buni yaqqol ko‘rsatib beradigan iqtibos: «Bir narsani tushunmadim. Birinchidan bu polosalarda odamlar yurmaydi, mashinalar yuradi... Demoqchisizki, 1200ta avtomobil boshqa joyda yurishi kerak, ularning o‘rnida avtobuslar yurishi kerakmi?.. Transport harakati oqimini odamlar soni bilan o‘lchash noto‘g‘ri...»
Boshqa izoh ortiqcha», deb yozdi bloger.
Koinot va insoniyat ahmoqligining chegarasi yo‘q…
Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli uy devoriga chizilgan suratni maqtadi:
«Menga bu yoqadi. Nega hamma yoqqa shunday qilmaysizlar? Juda chiroyli bo‘libdi. Bu ham odamning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi», dedi prezident.
Keyinchalik Chilonzor tuman hokimligi tomonidan Eynshteyn surati o‘chirib tashlandi. Hokimlik tez orada bino buzilishi sababli surat o‘chirilganini ma’lum qildi.
Bu holat blogerlarning tanqidlariga sabab bo‘ldi.
«Bu gapni (hokimlik izohini) eshitib, mantiq uyalib ketdi. Xo‘p, agar o‘sha bino buzilsa, surat bilan birga buzilib ketaversin. Nega o‘chirish kerak edi?
Menda boshqa taxmin bor. Suratni o‘chirgan hokimlik vakillari Eynshteyn kimligini bilmasa ham kerak. Bu sochlari paxmoq, mo‘ylovli odam va uning yonidagi allambalo yozuvlar yoshlarimiz ma’naviyatini buzyapti, deb o‘ylashgandir.
Shu joyiga Eynshteynning bir gapi esimga tushib ketdi: «Koinot hamda insoniyat ahmoqligining chegarasi yo‘q. Lekin birinchisiga sal shubham bor», deb yozdi Xushnud Xudoyberdiyev.
Jurnalist Aziza Qurbonova ham masalaga e’tibor qaratdi:
«@inkuzart graffitisini chizishdan avval devordagi bo‘lar-bo‘lmas, uyatli yozuvlarni o‘chirgani videoda ko‘rinib turibdi. Betayin devor Eynshteyn graffitisi chizilgunchayam hech kimga kerak bo‘lmagan. Birov tozalab ham qo‘ymagan…
…Necha yillab turgan va chindan ham turtib chiqqan devor. Noqonuniy qurilmalar qurilishi bir necha yil avval qattiq qoralanib, ketma-ket buzib chiqilganda ham nechukdir omon qolgan devor. Endi ko‘zlariga ko‘rinib qolibdi. Yo‘o‘q, men hecham tushunmayman bularni. Hecham tushunolmay o‘tib ketsam kerak». “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ukraina zarbasi oqibatida KXDR armiyasi generali yaralandi
Kim Chen In G‘arbni Ukrainadan Rossiyaga qarshi foydalanganlikda aybladi
Rossiya Ukraina Bryansk viloyatidagi harbiy obyektga ATACMS bilan hujum qilganini tasdiqladi