17:32 / 28.04.2022
1 333

Ukrainada urushning 63-kuni: Odessadagi dafn marosimi, donbassliklarning bunkerlardagi hayoti

Ukrainada urushning 63-kuni: Odessadagi dafn marosimi, donbassliklarning bunkerlardagi hayoti
Ukrainada urushning 63-kuni o‘tdi. Odessada 23 aprel kungi hujum qurbonlari bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi. Rossiya Zaporojedagi pozitsiyasini yaxshilashga urinmoqda, ammo yo‘qotishlarga uchramoqda. Donbassda janglar davom etmoqda. Ukraina tomoni Rossiyani Severodonetskdagi shifoxonani o‘qqa tutish va Donetsk oblastidagi Avdeyevka shahrida fosforli qurol qo‘llashda aybladi.

«Meduza» ma’lumotiga ko‘ra, may oyi o‘rtalarida DXR va LXR Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazmoqchi, Xerson oblastida esa — XXR tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uch oylik Kira Glodan, uning onasi Valeriya va buvisi Lyudmilaning dafn marosimi. Ular 23 aprel kuni Odessadagi ko‘p qavatli turar joy binosiga raketa kelib tushishi oqibatida halok bo‘lgan. RF mudofaa vazirligi zarbalardan maqsad harbiy ob’ekt bo‘lganini ma’lum qilgan.
Stepan Franko / EPA / Scanpix / LETA

Ukrainadagi urush. So‘nggi ma’lumotlar
  • Vladimir Putin yana bir bor urushga uchinchi tomon aralashuviga javoban yadro quroli qo‘llash imkoniyatiga shama qildi. «Agar kimlardir sodir bo‘layotgan voqealarga tashqaridan aralashishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, bilib qo‘yishsin – ular bizga strategik tusda xavf uyg‘otgan bo‘ladi. Bizning javobimiz yashin tezligida bo‘ladi. Buning uchun hech kim maqtana olmaydigan uskunalarga egamiz», deya tahdid qildi u.
  • G‘arb mamlakatlari Rossiyaning Donbassdagi yurishlari juda sekinlik bilan olib borilayotgani va Ukraina rossiyalik harbiylarga samarali va shiddatli qarshilik ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratmoqda. Asosiy harbiy harakatlar Donetsk va Lugansk oblastlarida kuzatilmoqda, ammo Xarkov o‘qqa tutilayotgani hamda Zaporoje va Xerson oblastlarida ham janglar ketayotgani haqida xabarlar bor.
  • Xerson shahrini egallagan rossiyalik harbiylar mitingni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan tarqatgan. Ukraina hukumatiga ko‘ra, Rossiya shaharda «Xerson xalq respublikasi» tashkil etish to‘g‘risida referendumga tayyorlanmoqda. Xerson shahrida tunda bir necha portlashlar kuzatildi. Rossiya davlat nashrlariga ko‘ra, ukrainlarning zarbalari nishoni 20 apreldan buyon Rossiya telekanallarini efirga uzatayotgan teleminora bo‘lgan. Ukraina tomoni hozircha bu xabarga izoh bermadi.
  • «Gazprom» Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi, bunga ushbu davlatlar yonilg‘i uchun to‘lovni rublda amalga oshirishga rozi bo‘lmagani sabab qilib keltirilgan. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Moskvaning bu qarorini «shantaj instrumenti» deb atadi va Rossiya bilan gaz uchun hisob-kitob rublda amalga oshirilishi Yevroittifoq qo‘llagan sanksiyalarga zid ekanini eslatdi. Germaniya Rossiya endi ishonchli yetkazib beruvchi hisoblanmasligi tufayli bu davlatdan xarid qilinadigan gaz hajmini qisqartirmoqchi. Yevroittifoq keyingi haftadayoq Rossiyadan neft importini taqiqlashi kutilmoqda.
  • Ukrainada urush boshlanganidan buyon o‘tgan ikki oyda Rossiya qazib olinadigan energiya resurslarini YEI mamlakatlariga sotish orqali daromadlarini ikki baravar oshirgan. Finlandiyadagi CREA tadqiqotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, yetkazib berish hajmi kamaygan bo‘lsa-da, narxlar oshishi hisobiga Moskva ushbu mahsulotlari savdosidan 62 mlrd yevro atrofida daromad ko‘rgan. Asosiy xaridor Germaniya.
  • AQSHning xalqaro adliya bo‘yicha maxsus vakili Bet van Shaakning BMTga ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Donetsk yaqinida taslim bo‘lishga uringan ukrainaliklarni rus harbiylari otib o‘ldirgani haqida ishonchli ma’lumotlarga ega.
  • Britaniya TIV rahbari Liz Trass rossiyalik harbiylar Ukrainada bosib olgan hududlaridan, jumladan Qrimdan haydab chiqarilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb o‘z iqtisodiy qudratini kelajakda bu kabi tajovuzlar takrorlanmasligi uchun yo‘naltirishi kerak.
  • Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan qator hududlarida, jumladan Belgorod oblastidagi harbiy omborxonada portlashlar ro‘y bergan. Belgorod shahrida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamoqda. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak keyingi haftadan RFning chegaradagi hududlarini «demilitarizatsiya» qilish jadalligi sezilarli darajada oshishini aytdi.

Quyida Ukraina hududlarida 27 aprel kuni olingan suratlar:

Chernigov oblasti

Lukashovka qishlog‘ida vayron bo‘lgan cherkov, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar bu yerdan o‘q-dori omborxonasi sifatida foydalangan
Zohra Bensemra / Reuters / Scanpix / LETA


Kolichovka qishlog‘idan bo‘lgan Fadey Rossiya armiyasidan qolgan harbiy yuk mashinasi ichida o‘ynamoqda
Vladyslav Musiienko / Reuters / Scanpix / LETA

Zaporoje oblasti

Front chizig‘ida joylashgan Gulyaypole shahridagi uyda ukrain askarining quroli. Zaporoje oblastining egallab olingan hududlarida rossiyalik harbiylar uylarga kirib, Ukraina kuchishlatar tuzilmalari vakillarini qidirishmoqda.
Roman Pilipey / EPA / Scanpix / LETA


Ukrain askari Gulyaypoledagi front chizig‘ida daraxt ostida dam olmoqda. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, Rossiya o‘z harbiylarining Zaporoje yo‘nalishidagi taktik holatini yaxshilashga urinmoqda, ammo rossiyaliklar yo‘qotishlarga uchrab, chekingan.
Chris McGrath / Getty Images

Xarkov

Mahalliy aholi vakillari yaralangan kishini tez tibbiy yordam mashinasiga olib borishga yordamlashmoqda. Rossiya harbiylari Xarkov shahri va oblastidagi aholi turar joy hududlariga artilleriya va minomyotlardan zarba berishda davom etmoqda. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning xabar berishicha, 27 aprelga o‘tar kechasi uch kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangan. Foto: Felipe Dana / AP / Scanpix / LETA

O‘t o‘chiruvchi rossiyaliklarning Xarkovga navbatdagi zarbalaridan keyin yonilg‘i quyish shoxobchasida chiqqan olovni o‘chirmoqda
Sergey Kozlov / EPA / Scanpix / LETA


Xarkov pochtasi binosida gumanitar yordam uchun navbat
Carolyn Cole / Los Angeles Times / Getty Images

Donbass shimoli

Ukrainlarning Su-25 samolyoti rossiyaliklar shturm qilayotgan Yampol shahri yaqinida raketa zarbasidan himoyalanish uchun manyovr qilmoqda. Yampol Rossiya qo‘shinlari ilgarilayotgan Liman yo‘nalishida joylashgan: Rossiya armiyasi Kramatorsk rayonining Zarechnoye aholi punkti ustidan nazorat o‘rnatgan.
Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA


Ukrain harbiylari jangdan keyin tankni ta’mirlab, unga pulemyot o‘rnatishmoqda
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA


Ukrainalik harbiylar «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimini ishlatmoqda. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, Rossiya Donetsk va Lugansk oblastlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish va Qrim bilan quruqlikdagi yo‘lak ochish uchun hujumlarni davom ettirmoqda
Serhii Nuzhnenko / Reuters / Scanpix / LETA


To‘qqiz yoshli Karolina yetti oylik singlisini bunkerga kirish joyida o‘ynatmoqda, Lisichansk
Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA


Severodonetskda odamlar bunkerga kirmoqda. Lugansk oblasti rahbari Sergey Gaydayning aytishicha, Rossiya Severodonetskdagi shifoxonaga zarba bergan. Gayday rossiyalik harbiylar shifoxonada odamlar borligini bilgani, ammo «bu ularni to‘xtata olmagan»i haqida ma’lum qilgan. Bir ayol hujum qurboniga aylangan.
Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA


Severodonetskdagi bunker devoriga ilingan, yadro zarbasi tasvirlangan kartina
Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada urushning 63-kuni: Odessadagi dafn marosimi, donbassliklarning bunkerlardagi hayoti