22:35 / 09.05.2022
1 528

Rus mediasida yana bir isyon: Lenta'da Putinga va urushga qarshi xabarlar chiqarib yuborildi

Rus mediasida yana bir isyon: Lenta'da Putinga va urushga qarshi xabarlar chiqarib yuborildi
Rossiyaning Lenta.ru saytida kutilmaganda mamlakatning Ukrainada olib borayotgan urushini qoralovchi xabarlar paydo bo‘ldi. Saytning ikki xodimi bu o‘ziga xos «norozilik aksiyasi» uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Odatda Kreml qarashlaridan chetga chiqmaydigan saytda 9 may kuni Putin tanqid qilingan va urushga qarshi 10 ta xabar paydo bo‘ldi. Xususan, «Putin XXI asrdagi eng qonli urushlardan birini boshladi», «Zelenskiy Putindan yaxshiroq bo‘lib chiqdi», «Rossiya elitasi arzimas va zaif ekan», «Vladimir Putin bechora diktator va paranoikka aylanib qoldi», «Rossiya butun dunyoni yo‘q qilishga tahdid qilmoqda» sarlavhali xabarlar e’lon qilindi.

Tahririyat bu xabarlarni tezda o‘chirdi, ammo sarlavhalar ko‘ringan birinchi sahifani ko‘pchilik arxivlashga va skrinshot olishga ulgurdi.

Avvaliga saytni buzib kirishgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo keyinchalik qator mahalliy nashrlar xabarlarni sayt xodimlari joylagani, to‘g‘rirog‘i, saytda e’lon qilingan boshqa xabarlar o‘rniga yuqoridagi sarlavhadagi kabi maqolalar almashtirib qo‘yilgani haqida xabar berdi.

Barcha «nomaqbul xabarlar» ostida matn tahririyat nuqtayi nazarini ifoda etmasligi aytilib, «aksiya» uchun mas’uliyatni saytning iqtisodiy bo‘limi rahbari Yegor Polyakov hamda bo‘lim muharriri Aleksandra Miroshinkova o‘z zimmasiga olgan.

Ijtimoiy tarmoqda Lenta.ru'dagi bu voqealarni Rossiya federal telekanalidagi «Vremya» ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi banner ko‘tarib chiqqan Marina Ovsyannikovaning isyoniga qiyoslashmoqda.

OAVda Yegor Polyakovning murojaati ekani aytilgan matn paydo bo‘ldi. «Bu hakerlar hujumi emas, bizning bilib qilgan ishlarimizdir. Bu ishni ancha avval qilmoqchi edik, ammo ba’zi sabablar bilan qila olmadik. Bu ishni qilishimizning asosiy sababi – vijdon», deyiladi bayonotda.

U urushga qarshi bo‘lganlar birlashishini so‘ragan. «Biz juda ko‘pchilikmiz, shu sabab Sasha bilan bu eng to‘g‘ri ish bo‘ladi degan qarorga keldik. Bularni o‘zim yozdim, men bilan allaqachon suhbat o‘tkazishdi. Ortiq Lentada ishlamasak kerak», degan u.

Lenta.ru Rossiyadagi tezkor xabarlar berib boruvchi mashhur saytlardan biri hisoblanadi. 2014 yilda sayt tahririyati to‘laligicha o‘zgargan. O‘shanda Rossiya Qrimni egallab olgach, Galina Timchenko boshchiligidagi jurnalistlar tahririyatdan ketgan va bu jamoa Meduza nashriga asos solgan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rus mediasida yana bir isyon: Lenta'da Putinga va urushga qarshi xabarlar chiqarib yuborildi