11:41 / 19.05.2022
1 321

Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni bloklab qo‘ydi

Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni bloklab qo‘ydi
Foto: NATO
Turkiya hukumati Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi muzokaralar boshlanishiga to‘siq qo‘yib qo‘ydi. Bu haqda DPA agentligi va Financial Times gazetalari o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashrlar hamsuhbatlariga ko‘ra, 18 may kuni NATOda Finlyandiya va Shvetsiya elchilari tomonidan berilgan ushbu mamlakatlarni alyans a’zoligiga qabul qilish haqidagi arizalarni muhokama qilish rejalashtirilgan edi. Ammo Anqaraning pozitsiya tufayli muzokaralar boshlanmagan. Turkiya tomoni hozir ularni boshlashni ma’qullay olmasligini ochiq-oydin ma’lum qilgan.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Finlyandiya va Shvetsiyaning arizalarini bir-ikki hafta ichida, ko‘rib chiqishning birinchi bosqichida ma’qullashi mumkinligini aytgandi. Ammo kechikish ushbu imkoniyatni shubha ostiga qo‘yadi.

Keyinroq Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich respublikaning NATO huzuridagi elchisi Mario Nobiloga xat yuborib, Bosniya va Gersegovinada saylov qonunchiligi o‘zgartirilmas ekan, Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishiga qarshi ovoz berishni tayinlashini ma’lum qildi.

AQSH Kongressi esa Turkiyaga ushbu xatti-harakatlari tufayli F-16 yetkazib berishdan bosh tortish bilan tahdid qildi. Turkiyaning Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilishi uning ittifoqchi sifatida ishonchliligi masalasida AQSHning xavotirlarini oshiradi, bu esa Anqaraga F-16 qiruvchilarini yetkazib berish haqidagi qarorga ta’sir qilishi mumkin, dedi Senatning xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Robert Menendes.

Ikkala mamlakat ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida betaraflik maqomidan voz kechib, harbiy alyansga qo‘shilishga qaror qildi.

17 may kuni Shvetsiyaning NATOga kirish haqidagi arizasini mamlakat tashqi ishlar vaziri Ann Linde imzoladi. Shu kuniyoq Finlyandiya parlamenti alyansga qo‘shilish haqidagi qarorni 188 ta rozilik va sakkizta qarshilik ovozi bilan ma’qulladi.

Arizalar NATO kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi, shundan keyin Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga a’zo bo‘lishi haqidagi bitim unga a’zo 30 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak bo‘ladi.

Turkiya hukumati Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishiga rozilik berish uchun o‘z shartlarini e’lon qildi. Xususan, ikki mamlakat Kurdiston ishchilar partiyasini va unga aloqador tuzilmalarni terrorchilik tashkiloti deb tan olishini talab qilmoqda. Shuningdek, Turkiya F-16 qiruvchi samolyotlarining yangi partiyasini qo‘lga kiritishga hamda yana F-35 qiruvchilarini yetkazib berish dasturiga kirishga umid qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni bloklab qo‘ydi