20:13 / 19.05.2022
1 711

Rossiya yana 771 nafar «Azov» jangchisi taslim bo‘lganini ma’lum qildi

Rossiya yana 771 nafar «Azov» jangchisi taslim bo‘lganini ma’lum qildi
Foto: Reuters
So‘nggi 24 soat ichida Ukrainaning «Azov» batalonidan 771 nafar jangchi Rossiyaga taslim bo‘ldi, deb xabar bermoqda «RBK» Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib.

Vazirlikning rasmiy vakili Igor Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, 16 maydan buyon 1730 nafar jangchi taslim bo‘lgan, ulardan 80 nafari yarador.

«Donetsk Xalq Respublikasining Novoazovsk va Donetsk shaharlaridagi tibbiyot muassasalarida statsionar davolanishga muhtoj bo‘lganlarning barchasiga yordam ko‘rsatilmoqda», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Avvalroq DXR rahbari Denis Pushilin Mariupoldagi «Azovstal» metallurgiya zavodida qamal qilingan ukrainalik harbiylarning yarmidan ko‘pi zavod hududini tark etganini ma’lum qilgandi.

21 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Mariupol shahri qo‘lga kiritilgani haqida hisobot berdi. Shu bilan birga, davlat rahbari Kiyev nazoratidagi kuchlarning bir qismi joylashgan «Azovstal» zavodiga hujumni bekor qildi, biroq uning hududini butunlay to‘sib qo‘yishni buyurdi.

Ukraina tomoni zavodda Ukraina Qurolli kuchlari harbiylaridan tashqari tinch aholi ham borligini da’vo qilgan. Tinch aholini evakuatsiya qilish 5—7 may kunlari amalga oshirildi. DXR ma’lumotlariga ko‘ra, zavodni 176 nafar tinch aholi tark etgan.

Bir yarim hafta o‘tgach, oq bayroqlar ko‘targan bir guruh harbiy muzokarachilar «Azovstal» hududini tark etdi. Ular yaradorlarni evakuatsiya qilish yo‘nalishlarini muhokama qildi. Evakuatsiya jarayoni 16 may kuni boshlandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiylarni zavoddan qutqarish va Kiyev nazorati ostidagi hududga qaytarish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga «ular tirik holda kerak».

Shunga qaramay, Rossiya Davlat Dumasi hozirda «natsist jinoyatchilar»ning sudga tortilishi uchun ularni almashishni taqiqlash masalasini muhokama qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya yana 771 nafar «Azov» jangchisi taslim bo‘lganini ma’lum qildi