Foto: «Kommersant’»
Moldova sobiq prezidenti Igor Dodon bir nechta moddalar, shu jumladan, davlatga xiyonat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida 72 soatga hibsga olindi, deb yozadi «RBK».
«Deschide.md» nashri manbalariga ko‘ra, sobiq prezident bilan birga uning qaynog‘asi Petru Marinyanu ham qo‘lga olingan. U dalillarni yo‘q qilishga uringan.
Shu paytgacha Dodonning uyida tintuv o‘tkazilayotgan edi. Surishtiruv to‘rtta modda bo‘yicha jinoiyat ishi doirasida olib borilmoqda, bular — passiv korrupsiya, siyosiy partiyaning jinoiy tashkilotdan moliyaviy yordam olishi, noqonuniy boyish va davlatga xiyonat.
«Tergov tadbirlari davom etmoqda. Dodonning uyida va unga tegishli ba’zi inshootlarda tintuvlar o‘tkazildi. U 72 soatga hibsga olindi», — deya ma’lum qildi Moldova Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Marianna Kyorpak.
Uning aniqlik kiritishicha, tintuvlar jami 12 ta joyda, shu jumladan, sobiq prezident o‘zi tuzib, rahbarlik qilgan Moldova—Rossiya ishbilarmonlik ittifoqi ofisida ham olib borilgan. Shuningdek, politsiya siyosatchining vositachilariga taalluqli ko‘chmas mulklarni ham o‘rganmoqda.
Dodon faxriy prezidenti hisoblanadigan Sotsialistlar partiyasi Moldova hukumatini mamlakatni boshqarishda natijalarga erishishga noqobil bo‘lgani tufayli «tomosha uyushtirish»ga urinishda aybladi.
Sotsialistlar partiyasi sobiq yetakchisi Igor Dodon 2016—2020 yillarda Moldova prezidenti bo‘lgan. U rossiyaparast siyosatchi va Vladimir Putinning tarafdori hisoblanadi. 2020 yilgi saylovda u Mayya Sanduga mag‘lub bo‘ldi.
18 may kuni Moldovada mamlakat sobiq prezidenti va Sotsialistik partiyaning sobiq rahbari Igor Dodonga nisbatan uning Moldova Demokratik partiyasi sobiq rahbari Vladimir Plaxotnyuk bilan uchrashuvi aks etgan videotasvir ortidan jinoiy ish ochilgan edi.
Ushbu video Moldova parlamentining sobiq deputati Yuri Renita tomonidan 2020 yilda e’lon qilingan. Unda Plaxotnyuk va o‘rinbosari Sergey Yaralov Dodonga paket topshiradi. Renitaning ta’kidlashicha, uchrashuv 2019 yilda bo‘lib o‘tgan, paketda katta miqdordagi pul bor bo‘lgan.
Videoda Dodon va Plaxotnyuk parlamentda konstitutsiyaviy ko‘pchilikka ega bo‘ladigan koalitsiya tuzishni muhokama qiladi. TV-8 kanali ta’kidlashicha, Dodon «doimiy ravishda Vladimir Putinga qaydlar yozib turishini» aytgan, ammo ularning mazmuniga oydinlik kiritmagan.
2020 yil iyun oyida Moldovaning Korrupsiyaga qarshi prokuraturasi «jinoyat belgilarini» ko‘rmagani sabab Dodonga qarshi ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan edi. Idoraning tushuntirishicha, tekshiruv paketning ichida nima bo‘lganini aniqlay olmagan, qaror esa qonuniy yo‘l bilan to‘plangan dalillarga asoslangan.
Dodon Plaxotnyukdan pul olganini rad etib, jinoiy ish qo‘zg‘atilishini uning «mamlakatdan qochib ketishi»ga erishish istagi va «hamma narsa izdan chiqqan bir paytda» Moldovadagi muammolardan e’tiborni chalg‘itishga urinish bilan izohladi.
2021 yil dekabrida sobiq prezident 2008 yilda Moldovani elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan Energocom ishtirokidagi sxema hamda Iqtisodiyot vazirligi (o‘sha vaqtda unga Dodon rahbarlik qilgan) yordamida 12 million dollar miqdoridagi o‘g‘irliklar haqidagi ish bo‘yicha gumonlanuvchi deb topilgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi