date
views 1 987

Makron va Shols Putindan «Azovstal» himoyachilarini ozod qilishni va Odessa qamalini tugatishni so‘radi

Makron va Shols Putindan «Azovstal» himoyachilarini ozod qilishni va Odessa qamalini tugatishni so‘radi
Foto: «Life.ru»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28 may kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi.

G‘arb yetakchilari bu safar ham Putinni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga, Ukrainadan qo‘shinlarini olib ketishga va Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga chaqirdi, deyiladi Germaniya va Fransiya tomonlarining bayonotida.

Makron va Shols Putindan Mariupoldagi «Azovstal» zavodini tark etib, Rossiya harbiylari tomonidan asirga olingan 2500 nafarga yaqin ukrainalik askarni ozod qilishni so‘ragan.

Shuningdek, Germaniya va Fransiya rahbarlari Ukraina donini Qora dengiz orqali eksport qilishni boshlash va global oziq-ovqat inqirozining oldini olish uchun Odessa qamalini zudlik bilan olib tashlashni talab qilgan.

Kremlning muzokaralar haqidagi hisobotiga ko‘ra, Vladimir Putin Rossiya harbiylari Ukrainada xalqaro gumanitar qonunlarga qat’iy amal qilayotganini aytgan. Shu bilan birga, u «G‘arbning Ukrainaga qurol jo‘natishda davom etishi» tufayli «vaziyatning yanada beqarorlashishi va gumanitar inqirozning kuchayishi xavfi» haqida ogohlantirdi.

«Global oziq-ovqat xavfsizligi masalasida esa Rossiya prezidenti G‘arb davlatlarining noto‘g‘ri iqtisodiy va moliyaviy siyosati, shuningdek, Rossiyaga qarshi qo‘llagan sanksiyalari natijasida kelib chiqqan oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklarning asl sabablarini aniq ma’lumotlarga asoslanib tushuntirdi», — deyiladi Kreml hisobotida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Makron va Shols Putindan «Azovstal» himoyachilarini ozod qilishni va Odessa qamalini tugatishni so‘radi