18:24 / 10.06.2022
2 289

Putin o‘zini Pyotrga qiyoslab, vazifasi hududlarni qaytarish ekanini aytdi

Putin o‘zini Pyotrga qiyoslab, vazifasi hududlarni qaytarish ekanini aytdi
Foto: MIKHAIL METZEL/TASS
24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqinini boshlagan Vladimir Putin ilk marta Rossiyaning ayni damdagi maqsadi hududlarini qaytarish ekani haqida aytdi. Putin o‘zi boshchiligidagi harakatlarni Pyotr I davridagi harakatlarga qiyosladi.

Rossiyaliklar payshanba kuni o‘zining buyuk jahongiri deb bilgan Pyotr I tavalludining 350 yilligini nishonladi.

«Bu endi bizning chekimizga tushgan ko‘rinadi»

Putin 24 fevral kuni «maxsus harbiy operatsiya» (Rossiyada urushni shunday atashadi, uni urush deyish taqiqlangan) boshlanganini e’lon qilar ekan, Ukrainaga bosqinning asosiy maqsadi ushbu mamlakatni millatchilardan tozalash (denatsifikatsiya) va G‘arb tomonidan berilgan qurollar yordamida kuchaytirilgan Ukraina armiyasi salohiyatini pasaytirish (demilitarizatsiya) ekanini aytgandi. Ammo bugun bu maqsadlar haqida hatto Rossiya propagandachilari ham gapirmay qo‘ygan, ruslar birin-ketin bosib olgan hududlariga o‘z bayrog‘ini ilishda davom etmoqda.

Butun dunyoda Rossiya urushni Ukrainani bosib olish uchun boshlagani haqida gapirishmoqda, ammo Rossiya ko‘plab hududlarga o‘z odamlarini rahbar qilib qo‘yishga ulgurgan bo‘lsa-da, buni tan olmaydi. Shu sabab Putinning hududlarni qaytib olish haqida gaplari kutilmagan bo‘ldi. Axir bu Rossiyaning uch oydan buyon tinmayotgan urush haqidagi rasmiy pozitsiyasining ham oyog‘ini osmondan qiladi.

Putin yana nimalar dedi?

«Biz o‘zimizni himoya qilishga urinayotganimiz tabiiy hol. Mana, hozir Pyotr I tavalludining 350 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada bo‘ldik. Qizig‘i, hech narsa o‘zgargani yo‘q. Pyotr I 21 yil davomida Shimoliy urushda ishtirok etgan. U Shvetsiya bilan urishib nimanidir tortib olgan deyishadi. Yo‘q, u hech nimani tortib olmagan, qaytarib olgan! Ha, aynan shunday bo‘lgan!

U hozirgi Peterburg joylashgan hududda yangi poytaxtga asos solganida hech bir Yevropa davlati uni Rossiya yerlari deb tan olmagan, Shvetsiyaniki deb tan olishgan. U yerlarda asrlar davomida finn-ugorlar bilan birgalikda slavyanlar ham yashagan, hudud rus davlati nazoratida bo‘lgan. G‘arbiy yo‘nalishda ham shunday, xususan, Narva (Estoniyada joylashgan shahar) haqida ham shunday deyish mumkin, Pyotr I uni qaytargan, mustahkamlagan
», dedi Putin.

Rossiya prezidentining aytishicha, o‘z vaqtida Pyotr I qilgan ishlar hozirda uning chekiga tushgan. «Aftidan, bizning chekimizga ham qaytarish va mustahkamlash tushgan ko‘rinadi», dedi Rossiya prezidenti yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvda yoyilib kulib.

Putin hududlarni qaytarib olish haqida gapirar ekan, 105 kundan buyon davom etayotgan va o‘zi boshlagan urush haqida lom-mim demadi. Putin 24 fevral kuni Ukraina hududida «maxsus harbiy amaliyot boshlangani», maqsadi Ukraina hududini bosib olish emasligini aytgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Foto: TASS
Ammo bugungi kunda Rossiya Donetsk va Luganskning katta qismini egallab olib, shahar va tumanlarga o‘z odamlarini rahbar qilib qo‘ymoqda. Xerson, Zaporoje, Mariupol kabi yirik shaharlar ham Rossiya armiyasi nazoratida, u yerlarga Rossiya bayrog‘i ilingan. Bosib olingan hududlarning Rossiyaga qo‘shilishi borasida shu yilning o‘zida referendum o‘tkazilishi haqida gapirilmoqda. Rossiya hududlarning RF tarkibiga qo‘shilishi masalasini mahalliy aholi hal qilishi kerak deb iddao qilayotgan bo‘lsa-da, Kreml administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bosib olingan hududlarga doimiy tashriflarni amalga oshirmoqda.

Bosqinning ilk kunlarida Rossiyaning maqsadi Ukraina hududini bosib olish emasligini iddao qilgan Putinning rasmiy vakili Dmitriy Peskov Rossiya Zelenskiyni hamon Ukrainaning legitim prezidenti deb tan olishini aytgandi.

Avvalroq «RIA Novosti» chechenistonlik deputat, chechen harbiylarining Ukrainadagi harbiy harakatlarini boshqargan, Mariupol bosqinida ishtirok etgan Adam Delimxanov bilan intervyuni e’lon qildi. Uning gaplaridan kelib chiqadiki, bosqin Zelenskiy hokimiyatdan ketmaguncha davom etadi.

Delimxanov «maxsus harbiy amaliyot» qachon tugashi haqidagi savolga shunday javob berdi: «Qachon tugashi haqida gapirishga erta, u yerda hamon giyohvand Zelenskiy boshchiligidagi tuzum turibdi. Ammo ishonchim komil, buning hammasi yakun topadi». Delimxanovning so‘zlari Kremlning nuqtayi nazarini anglatishi yoki yo‘qligi borasidagi savolga Peskov javob bermagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat g‘alabagacha kurashishi, Putin bilan muzokaralar faqat Rossiya 24 fevraldan keyin bosib olgan hududlarini qaytarsagina amalga oshishi mumkinligini aytgan.

BBC muxbiri Andrey Zaxarov «o‘tmish siyosati» haqida:
Putin «hududlarni qaytarish» haqida nutqini Ikkinchi jahon urushigacha yashagan Rossiyaning har qanday hukmdorining tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan ko‘rgazmada aytib ketaveradi. Bu gal Pyotr I tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada gapirdi. Aytaylik, Aleksandr I tug‘ilgan kuni «dumaloq sana» bo‘lmagani uchun bu yil nishonlanmayapti. Ammo Rossiya prezidenti Aleksandr I portreti oldida turib ham yuqoridagi nutqini gapiravergan bo‘lardi.

Ikkinchi jahon urushishacha, ayniqsa Pyotr I davrida qo‘shni mamlakatlar bilan mojaroni hududlarni tortib olish orqali hal qilish odatiy hol bo‘lgan. E’tiroz – urush – tinchlik va yangi yer yutganga o‘tib ketaveradi. Axir hammamiz maktab darsliklarida oxiri ko‘rinmagan rus-turk urushi, uning natijalarini hududlarni bosib olishlar yodamida farq qilishini o‘qiganmiz.

Rossiya Shvetsiya bilan Shimoliy urushda qo‘lga kiritgan yerlar chindan qachondir Buyuk Novgorod knyazligi tasarrufida bo‘lgan. Lekin u yerlarda qadimdan finn-ugorlar yashagan va buni Putin ham tan oladi. Demak, bu joylar Finlandiyaga o‘tishi kerakmi? Finlandiyaning o‘zi-chi, axir uni Rossiya shvedlar bilan XIX asrdagi urushda o‘sha Aleksandr I davrida qo‘lga kiritgan-ku!?

Biror hudud kimga tegishli ekani haqidagi tortishuvlarni qo‘rqinchli oqibatlarga olib kelgunga qadar davom ettirish mumkin. Ammo insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush bo‘lmish Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda ortiq urushib bo‘lmasligi qabul qilingandi. Bu urush ham aynan hududiy e’tirozlardan boshlangandi. O‘sha urushdan keyin davlatlarning hududi ular joylashgan yer ekani qabul qilingan. Chegaralar umumiy konsensus asosidagina bo‘linishi mumkin. Masalan, SSSR tarqalishi 14 ta mustaqil davlatni hosil qildi.

G‘arbda Ukraina – Rossiya urushi haqida Putin o‘zini eski hukmdorlar kabi tutib, hududlarni kuch bilan tortib olishga urinayotgani haqida gapirishmoqda.


Putin va Pyotr

Pyotr I tavalludining 350 yilligiga bag‘ishlangan bayram Putindan qo‘mondon obrazi yasash uchun foydalanilishi haqida «Agentlik. Yangiliklar» nashri yozgan edi. Putin «Pyotr I. Imperiyaning tug‘ilishi» deb nomlangan multimedia ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Nashr Putin uchun bu o‘zgacha ko‘rgazma bo‘lishi haqida bejiz yozgani yo‘q, rossiyalik yuqori martabali mulozimlar so‘nggi vaqtlarda tez-tez Putinni Pyotrga tenglashtirishmoqda.

Ko‘rgazmaga borishdan avval Putin Moskvadagi «Kelajak uchun tarix. Pyotr obrazi» forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrikda Putin Pyotrni vatanparvar deb atab, imperator butun umri davomida vatanga xizmat qilganini yozgan. Tabrikda aytilishicha, Pyotr mamlakatning xalqaro obro‘sini mustahkamlab, Rossiyani qudratli derjava sifatida namoyon qilgan.

Pyotr I davri va Ukraina bilan urushni aprel oyida Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham o‘zaro taqqoslagandi. «Pyotr I boshchiligida qo‘lga kiritilgan eng ajoyib g‘alabalardan biri Poltava (Ukrainadagi shahar) yaqinidagi jang bo‘lgan. U kazaklar avlodlari shaharni oxirgi 30 yilda nimalar qilganini bilsa, go‘rida tik turgan bo‘lardi
», degandi Narishkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin o‘zini Pyotrga qiyoslab, vazifasi hududlarni qaytarish ekanini aytdi