11:38 / 02.07.2022
1 145

KXDR mamlakatda koronavirus tarqalishiga Janubiy Koreya bilan chegaradagi «g‘alati narsalar» sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda

KXDR mamlakatda koronavirus tarqalishiga Janubiy Koreya bilan chegaradagi «g‘alati narsalar» sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda
Foto: Reuters
Shimoliy Koreyada tashkil etilgan epidemiyaga qarshi kurash shtabi respublikaga COVID-19 ning kirib kelishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini taqdim etdi. Mutaxassislarning fikricha, birinchi marta virus alomatlari Janubiy Koreyaning Kanvonda provinsiyasida joylashgan Ipxo qishlog‘idan Pxenyanga kelgan ikki kishida aniqlangan. Ular go‘yoki virusni «g‘alati narsalar»dan yuqtirgan.

Shtab hisobotidan parchalar Koreya Markaziy telegraf davlat agentligi tomonidan e’lon qilindi. Aprel oyi boshida 18 yoshli Kim familiyali askar va Vi familiyali besh yashar bola Ipxo qishlog‘idagi kazarma va turar joylar yaqinidagi tepalikda «g‘alati narsalarga» teggani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng ikkalasida ham koronavirus alomatlari paydo bo‘lgan. Gap qanday narsalar haqida ketayotgani aytilmagan.

Hisobot e’lon qilingandan so‘ng KXDRdagi shtab respublikada epidemiyaga qarshi choralarni yanada kuchaytirish bo‘yicha favqulodda ko‘rsatma berdi. Xususan, «demarkatsiya chizig‘i va chegara hududlarida topilgan g‘alati narsalardan ogoh bo‘lish» buyurildi. KXDRning aniqlik kiritishicha, noma’lum buyumlar havo va, xususan, havo sharlari orqali yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreyaning «Shimoliy Koreya ozodligi uchun kurashuvchilar» tashkiloti faollari respublikaga havo sharlari uchirilgani haqida bir necha bor xabar bergan. Xususan, aprel oyida tashkilot a’zolari KXDRga havo sharlari yordamida targ‘ibot varaqalari, shuningdek, og‘riq qoldiruvchi vositalar va niqoblarni yuborgan. Janubiy Koreya rasmiylari bu yo‘l bilan koronavirusni yuqtirish mumkin emasligini ta’kidlagan.

«Menga ma’lum bo‘lishicha, biror narsa yoki pochta orqali koronavirus yuqtirishning rasman tasdiqlangan holatlari yo‘q. Shu bois Janubiy Koreya hukumati koronavirus shimolga varaqalar va boshqa narsalar orqali o‘tishi mumkin emas, deb hisoblaydi», — deb tushuntirdi Janubiy Koreya Birlashish vazirligi vakili o‘rinbosari Chxa Dok Chxol brifingda.

Koreya Markaziy telegraf davlat agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 29 iyundan 30 iyungacha bo‘lgan kun davomida isitma bilan og‘rigan 4570 nafar bemor aniqlangan. Koronavirusga chalingani gumon qilinayotgan bemorlarning umumiy soni 4 744 430 kishiga yetdi. Ularning 99,8 foizi tuzalib ketgani aytilmoqda.

Aprel oxirida KXDR hukumati mamlakatda koronavirus tarqalgani haqida rasman e’lon qildi, 13 may kuni COVID-19 dan birinchi o‘lim qayd etildi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Siyosiy byuroning favqulodda yig‘ilishini o‘tkazib, Pxenyanda dori-darmon ta’minotini barqarorlashtirish uchun harbiylardan foydalanishni buyurdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » KXDR mamlakatda koronavirus tarqalishiga Janubiy Koreya bilan chegaradagi «g‘alati narsalar» sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda