16:30 / 14.07.2022
1 036

JSST kovidning yangi to‘lqini haqida ogohlantirmoqda

JSST kovidning yangi to‘lqini haqida ogohlantirmoqda
JSST barcha mamlakatlarni niqob rejimiga qaytishga chaqirdi. BA.4 va BA.5 shtammlari tufayli kasallanish holatlari 30 foizga oshgan. Bu variantlarining farqi nimada va ulardan qo‘rqish kerakmi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kovid bilan kasallanish holatlari soni ko‘payishidan jiddiy xavotirda, bu butun dunyo bo‘ylab yuklama bilan ishlayotgan tibbiy xizmatlar ishini murakkablashtirmoqda.

«Virusning yangi to‘lqinlari yana bir bor COVID-19 hali tugamaganini yaqqol ko‘rsatmoqda», dedi JSST rahbari Tedros Gebreisus matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, virus butun dunyo bo‘ylab erkin harakatlanmoqda, ko‘plab davlatlar esa og‘ir ahvoldagi bemorlarni va postkovid asoratlarini davolash yukini ko‘tara olmayapti.

JSSTning kovid bo‘yicha favqulodda qo‘mitasi yig‘ilish o‘tkazib, pandemiya hamon aholi salomatligi uchun xalqaro miqyosdagi tahdid bo‘lib qolayotgani haqidagi xulosaga kelgan. JSST Favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayan so‘nggi ikki hafta ichida koronavirus yuqtirib olish holatlari asosan Omikron BA.4 va BA.5 shtammlari tufayli 30 foizga oshganini aytdi.

Shu bilan birga, JSST qo‘mitasi virus evolyutsiyasi trayektoriyasi va paydo bo‘layotgan yangi shtammlarning xususiyatlari «noaniq va oldindan bashorat qilib bo‘lmas» darajada ekanini tan oladi.

BA.4 va BA.5 nima?

Koronavirusning BA.4 va BA.5 turlari birinchi marta o‘tgan yili Janubiy Afrikada aniqlangan. Shundan so‘ng, butun dunyo bo‘ylab tez tarqalgan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ular tez orada Yevropa va Amerikada dominant bo‘lib olishi mumkin.

Kovid, barcha viruslar singari, o‘z RNKsini klonlash orqali ko‘payadi, ammo bu mexanizmni ideal deb atash qiyin. Nusxa olishdagi xatolar (mutatsiyalar) yangi virusning genetik jihatdan matritsadan bir oz farqlanishiga olib keladi. Agar bunday o‘zgarishlar unga foyda keltiradigan bo‘lsa, yangi variant eskisiga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi va keyingi muvaffaqiyatli mutatsiyaga qadar dunyo bo‘ylab tarqaladi.

Koronavirusning eng mashhur genetik versiyalari orasida ommaviy infeksiya to‘lqinlarini keltirib chiqargan «Alfa» va «Delta» bor edi.

BA.4 va BA.5 – Omikron variantining yaqin qarindoshlari, o‘tgan qishda kasalliklar to‘lqiniga sabab bo‘ldi, ammo salomatlik uchun xavfi kamroq ekani isbotlandi. Amerikaning Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, undan o‘lim darajasi pastroq, shifoxonaga yotish ehtimoli ham kam.

Mart oyidayoq JSST ushbu variantlarni kuzata boshlagandi, chunki ular boshqalarga qaraganda tezroq tarqaldi.

Darhaqiqat, bugungi kunda ular Yevropaning ko‘plab davlatlarida aniqlangan va koronavirusning boshqa turlarini o‘z soyasida qoldirgan. Masalan, Portugaliyada bu BA.5 shtammi bilan sodir bo‘ldi. Shunga o‘xshash tendensiyalar AQSH va hatto Avstraliyada ham kuzatilmoqda.


Bu variantlar qanchalik xavfli?

Omikronning BA.4 va BA.5 variantlarida o‘lim darajasi kovidning boshqa turlariga nisbatan yuqori emas deb hisoblanmoqda.

Nima bo‘lganda ham, aholining ko‘pchiligi emlash yoki kasallikni boshdan kechirish orqali allaqachon ma’lum miqdorda immunitetga ega bo‘lgan. Bu esa kasallikni yuqtirish va uning og‘ir kechish ehtimolini pasaytiradi.

Biroq, bu yangi variantlarning virulentligi, ya’ni yuqish xavfi yuqoriroq. Chunki koronavirusga qarshi immunitet vaqt o‘tgan sayin zaiflashadi, shuningdek, mutatsiyada ham o‘zgarishlar sodir bo‘ladi (virus uchun qulay va biz uchun xavfli).

Yana bir sabab shundaki, ko‘plab mamlakatlar pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni olib tashladi, nazoratni susaytirdi, odamlar o‘rtasidagi aloqalar ko‘paydi va virus yangi imkoniyatga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, BA.4 va BA.5 hatto yaqinda Omikronning boshqa variantlari bilan xastalangan odamlarga ham yuqishi mumkin.

«Bizda Omikron bilan kasallangan odamlar BA.5 variantini yuqtirib olgani haqida ko‘plab dalillar bor. Buni aniq bilamiz», deydi amerikalik virusolog Gregori Polland.

Ushbu shtammlardan ishonchli himoya bormi?

Koronavirusning boshqa variantlari kabi, keksalar, immuniteti zaif yoki sog‘lig‘ida jiddiy muammolari bo‘lganlar yangi shtamm bilan og‘ir kasallanishi mumkin.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bugungi kunda eng yaxshi (ideal bo‘lmasa-da) himoya usuli emlash va keyingi buster dozada emlash bo‘lib qolmoqda. Ular koronavirusning asosiy «Alfa», «Beta», «Gamma» va «Delta» variantlari yuqqan taqdirda, kasallik og‘ir kechish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Shifokorlar koronavirusning mavjud va ehtimoliy yangi variantlaridan himoyalanish uchun vaksina olish lozimligini ta’kidlaydi.

Hozirda yangi shtammlarga qarshi vaksinalarning yangi versiyalari ishlab chiqilmoqda va sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar zarurat tug‘ilsa, vaksina ishlab chiqarish keskin oshirilishi mumkin. Nazorat idoralari esa yangi vaksinalarning tasdiqlash jarayonini tezlashtirish uchun yangi qoidalarni tayyorlamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » JSST kovidning yangi to‘lqini haqida ogohlantirmoqda