1 541
Yelenovkadagi ukrain harbiy asirlari saqlangan koloniyaga zarba: Hozirgacha nimalar ma’lum?
Yelenovka aholi punktida ukrainalik harbiy asirlar, jumladan Mariupoldagi «Azovstal» zavodi himoyasida qatnashganlar saqlangan koloniya o‘qqa tutilishi oqibatida 53 kishi halok bo‘ldi. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» vakillariga ko‘ra, yana 75 kishi yaralangan. Ukraina koloniyaga rossiyalik harbiylar zarba berganini aytmoqda.
Rossiya tomoni versiyasi
Rossiya mudofaa vazirligi ertalabki hisobotida Yelenovkadagi ukrain harbiy asirlari, shu jumladan «Azov» polki jangchilari saqlangan tergov izolatoriga go‘yoki Amerika tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali zarba yo‘llanganini ma’lum qildi.
«Ukrain harbiy asirlaridan 40 kishi halok bo‘lgan va 75 kishi yaralangan. Bundan tashqari, izolator xodimlaridan sakkiz nafari turli darajada tan jarohat olishgan», deyiladi bayonotda. Undan oldinroq bu zarba haqida «DXR» vakillari xabar qilishgandi.
Shundan so‘ng «Rossiya 24» davlat telekanali koloniyaning vayron bo‘lgan korpusi tasvirlarini namoyish etdi. Kadrlarda tom qulab tushgani va ikki qavatli temir karavotlarlar majaqlanib ketgani aks etgan.
VGTRK xodimi Andrey Rudenko o‘z telegram-kanalida yonib va parchalanib ketgan jasad qoldiqlari aks etgan videoni joylashtirdi.
Ukraina tomoni versiyasi
Ukraina tomoni bir necha soat davomida bu borada izoh bermay turdi. Keyin Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonoti paydo bo‘ldi.
Shtabdagilar, o‘z navbatida, rossiyalik harbiylar ukrain harbiylari saqlanayotgan koloniyani nishonga olgan holda artilleriya zarbalari bergani, bundan maqsad Ukrainani harbiy jinoyat sodir etishda ayblash, shuningdek koloniya hududida sodir etilgan harbiy asirlarga qiynoq qo‘llash va ularni o‘ldirish bilan bog‘liq holatlar izini yo‘qotish ekanini ma’lum qildi.
Press-relizda Ukraina qurolli kuchlari fuqarolik infratuzilmalariga, ayniqsa harbiy asirlar saqlanayotgan joylarga zarba bermasligi qayd etilgan. Bosh shtab Yelenovka hududiga ukrain harbiylari tomonidan artilleriya zarbalari yo‘llanmaganini ta’kidlagan.
Ukraina harbiylari qurbonlar soni bo‘yicha izoh bermagan.
Rasmiy bayonotdan biroz oldinroq «Ukrainskaya pravda» nashri razvedkadagi manbasiga asoslangan holda Yelenovka yo‘nalishida artilleriya zarbalari qayd etilgani, ammo bu ukrainlar emas, rossiyalik harbiylar tomonidan amalga oshirilgani haqida yozgandi.
Nashrning yana bir suhbatdoshi bir necha kun muqaddam sanoat zonasiga - aynan 29 iyul kuni zarba berilgan barakka o‘tkazilgani haqida aytgan.
«Bu «Azov» jangchilari joylashtirilgan barak bo‘lgan. Ularni bugungi zarba berilishidan bir necha kun oldin shu yerga olib o‘tishgan, biz nega bunday qilinganini tushunmay turgandik», degan manba.
«Azov» mudofaachilari
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 17 may kuni «Azovstal»dagi harbiylarni «qutqarish amaliyoti» o‘tkazilgani haqida ma’lum qilgandi.
Bayonotga ko‘ra, o‘shanda og‘ir yarador bo‘lgan 53 kishi Novoazovskdagi shifoxonaga olib ketilgan, yana 211 nafar harbiy xizmatchi - rossiyaparast kuchlar nazoratida bo‘lgan Yelenovkaga joylashtirilgan. Bosh shtab ukrain harbiylari bu yerdan «almashuv jarayoni» doirasida uyga qaytarilishini aytgandi. Rossiyaparast kuchlar esa «Azov»ning asirlikdagi harbiylari tribunalga tortilishini ma’lum qilgandi.
«Azov» polki komandiri Denis Prokopenkoning rafiqasi u bilan qisqa telefon muloqotidan keyin «Azovstal»dan olib chiqilgan ukrain harbiy asirlari qoniqarli sharoitlarda saqlanayotganini aytgandi. OAV xabariga ko‘ra, mazkur telefon muloqoti Qizil Xoch jamiyati vositachiligida Ukraina va Rossiya hukumatlari roziligi bilan amalga oshirilgan.
Prokopenko yarador jangchilarning aksari Yelenovkadagi izolatorda qolayotganini aytgandi. Yelenovka - 2014 yildan buyon rossiyaparast kuchlar nazoratida qolayotgan Donetsk shahri markazidan 20 km masofada joylashgan.
Yelenovkadagi koloniya
Urush boshlangach Yelenovka posyolkasida ukrainalik asirlar, jumladan ko‘ngillilar uchun lager tashkil etilgan. Ozod qilingan ko‘ngillilarning so‘zlariga ko‘ra, ular joylashgan koloniya bir necha ikki qavatli binolardan iborat tashlandiq hudud bo‘lgan.
«Yelenovkadagi axloq tuzatish koloniyasidan bizga qadar foydalanilmagan. Uni «filtratsiya lageri» tashkil qilish uchun maxsus ochishgan», degan «Nastoyasheye Vremya» nashriga bergan intervyusida mariupollik tadbirkor Yevgeniy Malyarchuk.
«Avvaliga mahbuslar kam edi. Keyin Ilich nomidagi kombinatdan, undan keyin esa «Azovstal»dan ko‘plab asirlar olib kelindi. Bir vaqtning o‘zida koloniya hududida uch mingga yaqin odam saqlanardi. Oziq-ovqat yetishmasdi. Suv umuman bo‘lmagan. Koloniya hududidagi barcha ishlarni asirlar qilishardi. Oqvat tayyorlash, hududni yig‘ishtirib tozalash, suv tashish kabi ishlar bajarilgan. Asosan ichish mumkin bo‘lmagan texnik suv berilgan», deya qo‘shimcha qiladi Malyarchuk.
«Azov» o‘ch olmoqchi
«Azov» polki asoschisi va sobiq komandiri Ondriy Beletskiy Yelenovkadagi ukrain harbiy asirlari o‘ldirilishiga aloqador bo‘lganlarning barchasiga «ov e’lon qildi».
Beletskiy zarba yo‘llanishidan oldin asirlikdagi jangchilar alohida binoga o‘tkazilganini ta’kidlagan va bu zarbani «ofitser sha’ni tushunchasidan bexabar bo‘lgan, Jeneva konvensiyasi, urush olib borish qonun-qoidalarini bilmaydigan davlatning oldindan rejalashtirilgan harakati» deb atadi.
«Rossiya halol jangda „Azov“ni yenga olmadi, shuning uchun bizni ahdidan qaytish bilan yo‘q qilishga urinmoqda. Men Azov bo‘linmasi nomidan ushbu ommaviy qotillikka aloqador bo‘lganlarning har biri uchun ov e’lon qilaman. Har bir oddiy ijrochidan tortib har bir tashkilotchi lavozimi va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar javobgarlikka tortiladi», deya yozgan Beletskiy telegram-kanalida. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi