10:44 / 30.07.2022
1 353

Borrel Rossiya harbiylarining Ukrainadagi harakatlarini «vahshiylik» deb atadi

Borrel Rossiya harbiylarining Ukrainadagi harakatlarini «vahshiylik» deb atadi
Jozep Borrel / Foto: Reuters
Yevropa ittifoqi bosh diplomati Rossiya harbiy asirlarga noo‘rin munosabatda bo‘layotganini aytib, Yelenovkadagi otishma va asirga olingan ukrainalikning qiynoqqa solinishi aks etgan videoni misol qilib keltirdi.

Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 29 iyul, juma kuni Yevropa tashqi ishlar xizmati veb-saytida e’lon qilingan murojaatida Yevropa ittifoqi «Rossiya qurolli kuchlari va ularning vakillari tomonidan sodir etilgan vahshiyliklarni» keskin qoralashini bildirdi.

«Ushbu g‘ayriinsoniy, vahshiy harakatlar Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokolni qo‘pol ravishda buzish hamda harbiy jinoyatlar hisoblanadi», — deyiladi bayonotda.

Yevropa diplomatiyasi rahbari 29 iyul kuni Yelenovkada ukrainalik harbiy asirlar joylashgan binoning o‘qqa tutilishini, shuningdek, kremlparast OAV tomonidan tarqatilgan «Rossiya askarlari ukrainalik harbiy asirga nisbatan dahshatli vahshiylik qilayotgani» haqidagi videoni misol qilib keltirdi. Borrel «Rossiyaning Ukraina va uning xalqiga qarshi noqonuniy hamda asossiz bosqinchilik urushi kundan-kunga yangi dahshatli vahshiyliklarga yetaklayotganini» ta’kidladi.

Diplomat Rossiyaning xalqaro gumanitar huquq doirasida harbiy asirlarni himoya qilishni ta’minlash majburiyatini eslatib o‘tdi, bu Yelenovkada halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarga ham tegishli, ular orasida taslim bo‘lgan va Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatga olingan «Azovstal» himoyachilari ham bor edi.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, «harbiy jinoyatlar va boshqa jiddiy qonunbuzarliklarni sodir etganlar, shuningdek, mas’ul hukumat amaldorlari va harbiy vakillar javobgarlikka tortiladi», chunki bu «varvarlik harakatlari Jeneva konvensiyalarining jiddiy buzilishi hamda harbiy jinoyatlarni tashkil etadi».

Iyul oxirida ijtimoiy tarmoqlarda kamuflyaj formadagi ikki erkak Ukraina formasiga o‘xshash kiyimdagi odamni yerda ushlab, kanselyariya pichog‘i bilan qiynayotgani aks etgan video tarqaldi. Video kim va qachon suratga olingani noma’lum, biroq 29 iyul kuni rossiyaparast Telegram-kanallarda videoning ikkinchi qismi paydo bo‘ldi. Unda qiynoqqa solingan odamning boshiga o‘q uziladi. Ukraina Bosh prokuraturasi qiynoqlar bo‘yicha hujjatlashtirilgan ehtimoliy holat yuzasidan tergov boshlanganini e’lon qildi.

Shu kuni Donetsk oblastining Volnovaxa tumani Yelenovka qishlog‘ida asirga olingan ukrainalik harbiylar joylashtirilgan axloq tuzatish koloniyasi binosi o‘qqa tutildi. Rossiya va Ukraina bir-birini otishmada aybladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi zarbani ukrainalik harbiylar Amerikaning HIMARS YAO‘RTdan berganini da’vo qilmoqda. Ukraina Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, ruslar koloniyaga hujum qilib, harbiy asirlar qiynoqqa solingani va o‘ldirilganini yashirishga uringan. Ukraina razvedkasi asirlarni o‘ldirishni Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan muvofiqlashtirmasdan, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining yollanma askarlari uyushtirgan deb hisoblaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Borrel Rossiya harbiylarining Ukrainadagi harakatlarini «vahshiylik» deb atadi