1 centyabr kuni Qozog‘iston xalqiga murojaat yo‘llagan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev muhim siyosiy-iqtisodiy islohotlar rejasini ochiqladi. Jumladan, joriy yil kuzda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Q.To‘qayev 2019 yil 20 martda Nursulton Nazarboyevning iste’fosi ortidan hokimiyatga kelgan. O‘sha yil 9 iyundagi saylovda 70 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Xo‘sh, vakolati tugashiga ikki yildan oshiq vaqt bo‘lsa-da, nega u kutilmaganda muddatdan avval saylov o‘tkazishga qaror qildi?
O‘zbekistonlik tahlilchi Otabek Bakirovga ko‘ra, Q.To‘qayevni haligacha N.Nazarboyevning vorisi sifatida ko‘rish davom etmoqda. Chunki u 3 yil avval oliy hokimiyatni aynan Nazarboyev qo‘lidan olgan, saylovda ham Elboshi partiyasi nomidan qatnashgan.
«Mandatni qo‘lga kiritishda, saylovoldi dasturida, uning mazmunida boshdan-oyoq nazarboyevchilik ustun bo‘lgan. Yanvar voqealaridan keyin siyosat tusi va vektorini butkul o‘zgartirgan To‘qayev uchun bu soya solishi va savollar tug‘dirishi tayin. Shu sababli To‘qayevning muddatidan avval saylovga kirishi va xalqdan qo‘llov olishiga harakati demokratik prinsiplardan kelib chiqilsa, saylovchilarga, elektoratga nisbatan halol va adolatli munosabat degani. Qolaversa, u istayotgan murakkab va uzoq yillik istiqbolni belgilaydigan siyosiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish uchun xalq oldidan o‘tilishi va qaytadan mandat olinishi baribir kerak bo‘lardi», – deydi tahlilchi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov ham amaldagi prezident muddatdan avval saylov o‘tkazish orqali o‘z siyosiy legitimligiga ega bo‘lmoqchi deb hisoblaydi.
«2019 yilgi saylovda 70 foiz ovoz olgan To‘qayev mustaqil siyosatchi sifatida emas, balki Nazarboyevning vorisi o‘laroq namoyon bo‘lgandi. Bu esa To‘qayevning hozirgi holati uchun o‘ng‘ay emas. Fikrimcha, bo‘lajak saylov uning Nazarboyevdan mustaqil maqomini mustahkamlaydi, o‘z maqsadlarini amalga oshirishda chinakam erkinlik beradi», – deydi A.Dubnov.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, To‘qayev ilgari surgan tashabbus Markaziy Osiyodagi siyosiy dinamikaga ham ijobiy ta’sir etadi.
«Qozog‘istonda katta islohotlar boshlanish arafasida. Prezident To‘qayev taklifiga ko‘ra, bundan keyin Qozog‘iston prezidenti faqat bir marta, 7 yillik muddatga saylanish huquqiga ega bo‘ladi. Shu paytgacha besh yildan ikki mandat saylanish nazarda tutilgan edi. Amaliyotda esa, Nazarboyev 5 yildan necha marta saylanganini hech kim bilmasa kerak... Bu taklif Markaziy Osiyodagi siyosiy dinamikaga ijobiy ta’sir qilishiga ishonaman. Bu o‘zgarishlar mintaqadagi qattiq avtoritarizmga og‘ishuvni pasaytiradi, oilaviy monarxiya tomon ketayotganlarning legitimligini so‘ndiradi», – deb xulosa qiladi K.Rabbimov.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston rahbari joriy yil 16 mart kungi murojaatida ham siyosiy monopoliyadan voz kechish, super prezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tish, davlat rahbarining yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi man etilishi kabi jiddiy siyosiy islohotlarni taklif qilgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin