
Asharq al-Awsat gazetasining yozishicha, Rossiya Erondan Isroilning navbatdagi havo hujumlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriya g‘arbidagi hududlardan o‘z kuchlari va qurolli guruhlarini olib chiqishni talab qilgan.
Nashr Suriyadagi Bashar al-Assad rejimiga yaqin ekani taxmin qilingan manbaga tayanib, chorshanba kuni rossiyalik uch amaldor va ularning eronlik hamkasblari o‘rtasida Xama harbiy aerodromida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Moskva eronliklardan Xama va qirg‘oq bo‘yidagi Tartus shahri yaqinidagi harbiy pozitsiyalarini «evakuatsiya qilishni» talab qilganini aytgan.
So‘nggi bir necha yil ichida Isroil butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismida Eron guruhlari va nishonlariga tez-tez havo hujumlari uyushtirdi. Tel-Avivga ko‘ra, zarbalar Eron ta’sirini kamaytirish va Iroqdan Livangacha cho‘zilgan, Eron foydalanishi mumkin bo‘lgan quruqlik yo‘lagining oldini olishga qaratilgan.
Isroilning xatti-harakatlari qattiq zarbalarga uchrayotgan Suriya rejimi uchun ko‘proq muammolarni keltirib chiqarmoqda. Fuqarolik infratuzilmasi, jumladan, poytaxt Damashq va shimoliy Halab shahridagi xalqaro aeroportlar ham zarar ko‘rgan.
Biroq hozirgacha Suriya kuchlari, ularning Eronlik ittifoqchilari va ular bilan bog‘liq bo‘lgan kuchlar o‘rtasida o‘n yillik davom etayotgan fuqarolik urushi davomida o‘zaro ziddiyat kuchaygani haqida xabarlar deyarli yo‘q.
Moskvaning Tehronga bo‘lgan talabi, agar tasdiqlansa, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda hukmronlik va ta’sir o‘tkazish uchun tez-tez raqobatlashayotgan Rossiya va Eron kuchlari o‘rtasidagi taranglik kuchayib borayotganidan darak berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar