10:38 / 06.09.2022
1 132

Rossiyani 419 ming kishi tark etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir

Rossiyani 419 ming kishi tark etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir
Foto: «TASS»
2022 yilning birinchi yarmida Rossiyani 419 ming kishi tark etgan, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan (202 ming kishi) ikki marta ko‘p demakdir. Bu haqda Meduza Rossiya federal statistika xizmati («Rosstat»)ga tayanib xabar berdi.

2022 yil boshida «Rosstat» migratsiyaviy pasayishni qayd etgan (-96,7 ming). Taqqoslash uchun: 2021 yilning birinchi yarmida migratsiyaviy o‘sish kuzatilgan edi (+114 ming kishi).

2022 yil boshida MDH mamlakatlariga Rossiyadan 368 ming kishi jo‘nab ketgan, MDHdan Rossiyaga esa 294 ming kishi kelgan. Migratsiyaviy pasayish 73 ming kishini tashkil etdi (2021 yilda esa 111 ming kishilik migratsiyaviy o‘sish bo‘lgandi). Uzoq xorijga 50 mingdan ziyodroq odam ketgan bo‘lsa, u yerdan Rossiyaga 27 ming kishi keldi (migratsiyaviy pasayish — 22 ming kishi, 2021 yilda — 2,5 ming kishilik migratsiyaviy o‘sish kuzatilgan).

«Rossiya Federatsiyasidan jo‘nab ketganlar soni 216,5 ming kishiga yoki 2,1 marta o‘sdi. Shularning 189 ming nafari MDHga a’zo mamlakatlarga, 27,6 ming nafari esa uzoq xorij davlatlariga ketgan», — deyiladi «Rosstat» xabarida.

Rossiyadan odamlar eng ko‘p Ukrainaga (79,6 ming), Tojikistonga (58,4 ming), Armanistonga (49 ming), Qirg‘izistonga (43,6 ming), Qozog‘istonga (40,7 ming) va O‘zbekistonga (38,6 ming) jo‘nab ketgan. Uzoq xorij mamlakatlaridan Xitoy (6,6 ming), Vetnam (5,4 ming) va Hindiston (4,1 ming) yetakchi bo‘ldi.

Bundan tashqari, «Rosstat» hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon Rossiyada umumiy aholi soni 480,6 ming kishiga yoki 0,33 foizga pasaygan. O‘tgan yilning shu davridagi kamayish 307,7 ming kishi yoki 0,21 foizni tashkil qilgandi. Aholining tabiiy kamayishi 383,8 ming kishiga teng bo‘ldi (2021 yilda — 421,9 ming kishi).
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyani 419 ming kishi tark etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir