12:12 / 09.09.2022
1 683

O‘n yildan buyon Britaniyada yashayotgan milliarder German Xan Rossiyaga qaytdi

O‘n yildan buyon Britaniyada yashayotgan milliarder German Xan Rossiyaga qaytdi
Foto: RIA Novosti
Rossiyalik milliarder, Mixail Fridmanning hamkori va LetterOne Holdings (L1) investitsion guruhi egalaridan biri German Xan sanksiyalar sababli Britaniyada qariyb 10 yil yashaganidan so‘ng Rossiyaga qaytdi, deb yozdi Blumberg. Agentlik buni Vladimir Putinning g‘alabasi deb atadi.

Blumbergdagi maqola "Sanksiyalar rossiyalik milliarderlarni Putinning quchog‘iga itarmoqda" degan sarlavha bilan chiqdi. Rossiya prezidenti boy fuqarolarni qaytarishga yillar davomida uringandi, deb eslatadi agentlik. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Putin rossiyalik biznesmenlar xorijdagi mablag‘lari muzlatilishidan qochish uchun o‘z vatanlariga investitsiya kiritishi to‘g‘ri bo‘lishi haqida bir necha marta gapirgandi.

U bu mavzuda oxirgi marta Sharqiy iqtisodiy forum arafasida so‘z yuritdi: "Bu haqda ogohlantirgandim – bu qayiqlar (yaxtalar) shu yerda turgani va mablag‘lar xorij aktivlariga emas, Rossiya infratuzilmasi rivojiga yo‘naltirilgani yaxshi edi. Hech narsa yo‘qotishmasdi, hammasi shu yerda, vatanida bo‘lardi va tikkan mablag‘laridan daromad olishardi".

15 mart kuni YEI navbatdagi rossiyalik milliarderlar guruhini, jumladan, Roman Abramovich, Suleyman Kerimov, Viktor Rashnikovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Ular orasida Xan ham bor edi. O‘sha kuni Buyuk Britaniya ham unga, uning hamkorlari Fridmana va Pyotr Avenga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Xan tanlashga majbur edi - qariyb o‘n yildan buyon yashab kelayotgan Londonda qolish yoki vataniga qaytish, deb yozadi Blumberg. Agentlikning ma’lumot berishicha, u bir necha oydan keyin Buyuk Britaniyani tark etdi va Moskvaga ko‘chib keldi. Nashr uning qayerdaligini biladigan odamlarga asoslanmoqda.

Xan Rossiyaga qaytishidan oldin investitsiya kompaniyasidagi ulushini sanksiyalarga tushmagan aksionerga berdi. Forbes jurnalining yozishicha, Xanning boyligi 7,8 mlrd dollarni tashkil etadi.

"Urush partiyasining faollari"

Xorijda yashayotgan rossiyalik boylarning nechtasi uylariga qaytganini aytish qiyin, ammo sanksiyalar sharoitidagi hayot ilgari qiziqarsiz bo‘lgan taklifni eng yaxshi variantga aylantirdi, deyiladi maqolada.

Mualliflarning fikricha, bu Putinning g‘alabasini isbotlaydi – u ko‘p yillar davomida soliq imtiyozlari va kapital amnistitsiyasini taklif qilib, xorijdagi badavlat fuqarolarni qaytarishga uringandi.

Britaniya, AQSH va YEIning Rossiya biznes-elitasini jazolash va urushni qo‘llab-quvvatlashni yo‘qqa chiqarishga qaratilgan cheklovlari ularni Putinga yanada qaram qildi, deb hisoblaydi Blumberg. Ular tark etgan vatanlari kutilmaganda mablag‘lari muzlatilmaydigan yoki tortib olinmaydigan joylardan biriga aylandi.

"G‘arb elita doiralari va ommaning birlashishida Kreml uchun katta rolni bajarib berdi, - deydi siyosatshunos Gleb Pavlovskiy. – Ular G‘arbning tajovuzkor bosimi ostida urush partiyasining faollariga aylanmoqda".

60 yoshli Xan biznes bilan shug‘ullanishni SSSRning so‘nggi yillarida, hamkorlari bilan elektronika, gilam va xalq iste’moli mollari sotishdan boshlagan. Bu biznes "Alfa-grupp" tashkil qilinishi uchun asos bo‘ldi. Kiyevda tug‘ilgan biznesmen TNK-VRdagi ulushini "Rosneft"ga sotishdan katta pul topgan.

Xan G‘arbda LetterOne investitsiya kompaniyasi orqali tanilgan. Kompaniya 2013 yilda Fridman, Aleksey Kuzmichev va Aven bilan birgalikda tashkil etilgan. Mart oyida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng ularning barchasi LetterOne direktorlar kengashi tarkibidan chiqib ketishdi. Shunga qaramasdan, qariyb 27 mlrd dollarlik aktivlarni nazorat qiluvchi kompaniya Rossiya bilan aloqasi borligi uchun milliardlab dollar yo‘qotdi.

Blumbergning ma’lumot berishicha, Xan hozir Moskvada yashamoqda va shaharning moliyaviy rayonidagi ofisida turib "Alfa-grupp"ning Rossiyadagi aktivlarini nazorat qilmoqda. U X5 riteyleri va Vimpelcom Ltd kompaniyasidagi ulushlaridan daromad olmoqda.

Boylarning Rossiyaga quvilishini G‘arbning g‘alabasi sifatida ham ko‘rish mumkin. Bu yerda ularning boyligi va ta’siri Kremlning mamlakat tashqarisidagi manfaatlari ilgari surilishiga ko‘maklashishi mumkin, degan xavotir bor edi, deb hisoblaydi maqola mualliflari.

Sanksiyalar Kremlga yaqinlashtirmoqda

Bu rossiyalik oligarxlarning vatanlariga qaytishi mavzusiga bag‘ishlab chop etilgan ikkinchi maqoladir. Avvalroq Financial Times sanksiyalar qanday qilib biznesmenlarni Putinga emas, G‘arb hukumatlariga qarshi qilib qo‘ygani to‘g‘risida yozgandi.

Sanksiyalar Putinga qarshi isyon ko‘tarilishiga olib kelish o‘rniga magnatlarning G‘arb hukumatlariga nisbatan noroziliklarini yanada kuchaytirmoqda va ular jon-jahdi bilan qolgan boyliklarini saqlab qolishga urinmoqda.

Shuningdek, nashrning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Kreml sanksiyalar ostida qolgan xorijdagi oligarxlarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni uyga qaytishga chaqirmoqda. Bu haqda Financial Times ana shunday chaqiruv olgan ikki kishiga asoslanib yozdi.

"Ayrimlar o‘ylab qoldi: menga bularning bari kerakmi? Moskvaga qaytaman, bemalol restoranlarga boraman va o‘zimni yaxshi his qilaman", - degan biznesmenlardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar elitani Kremlga yaqinlashishga majbur qilmoqda, hattoki ular o‘z vatanida emas, Yevropada yashashni ma’qul ko‘rishsa ham.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo