12:53 / 11.09.2022
1 616

Harakatda baraka bor

Harakatda baraka bor
Inson biror ne’matga erishsa, xursand bo‘ladi. Xuddi shuningdek, mo‘min kishi imon ne’matiga erishganidan sevinadi va boshqalarning ham bahramand bo‘lishini xohlaydi. Ayniqsa, olim kishi bo‘lsa, boshqalarga ravo ko‘ribgina qolmay, u haqda qayg‘uradi.

Halabda ko‘p yillar qozilik qilgan mashhur shayx Ali Tantoviy hikoya qiladi: «Bir kuni Halabdagi masjidlardan biriga kirdim. Bir yigitning namoz o‘qiyotganini ko‘rib, hayron bo‘ldim. Chunki u axloqi buzuq, ichkilik ichadigan, zino qiladigan va ribo bilan shug‘ullanadigan yigit edi. Axloqi buzuqligidan otaonasi ham oq qilib, uydan chiqarib yuborgandi. Bu masjidga qanday kelib qoldi ekan, deb o‘yladim. Oldiga borib: “Sen Falonchi emasmisan?” deb so‘radim. “Ha, Falonchiman”, dedi.

– Seni hidoyat qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin! Qanday qilib hidoyat topding?
– Hidoyatimga raqsxona (tungi klub)da nasihat qilgan shayx sabab bo‘ldi.

– Raqsxonada? – so‘radim ajablanib.
– Ha, raqsxonada!

– Bu qanday bo‘ldi?
– Mahallamizda kichkina masjid bo‘lib, unda yoshi ulug‘ shayx imomlik qiladi. Bir kuni u: “Odamlar qayerda? Hech kim kelmaydi, ayniqsa, yoshlar, yo ular masjidni bilmaydimi?” debdi. Odamlar: “Ular raqsxona va o‘yingohlarda”, debdi. Shayx: “Raqsxona nima?” deb so‘rabdi. Namozxonlardan biri tasvirlab tushuntirib beribdi. “Musulmonlar ham shunday joyga kiradimi? – hayron bo‘libdi shayx. – Yuringlar, birga borib, ularga nasihat qilamiz”. “Odamlarga raqsxona (tungi klub)da nasihat qilasizmi? Aslo quloq solishmaydi, sizni masxaralashadi, aziyat ham yetkazishlari mumkin”, deya odamlar uni to‘xtatmoqchi bo‘lishibdi. Ammo shayx:

“Biz Muhammad alayhissalomdan yaxshiroq emasmizku!” deya namozxonlardan birining qo‘lidan ushlab, raqsxonani ko‘rsatishini so‘rabdi. Yetib borishganida raqsxona egasi: “Sizlarga nima kerak?” debdi. Shayx klubdagilarga pand-nasihat qilmoqchiligini aytganida, tabiiyki, klub egasi ruxsat bermabdi. Savdolashib, bir kunlik daromadini to‘laymiz deyishgach, rozi bo‘ladi va: “Ertaga kelinglar”, deydi.

Ertasi kuni klubda o‘tirgan edim. Qizlardan biri raqsni boshladi. Tugatgach, parda yopildi va yana ochildi. Bir shayx viqor bilan stulda o‘tirardi. So‘zini “Bismillah”, hamdu sano va salavot bilan boshlab, pand-nasihatga o‘tdi. Odamlar uni ko‘rib dahshatga tushishdi. Ular buni shunchaki hazil deb o‘ylashdi. Ammo haqiqatligini bilgach, masxaralab kulishga tushishdi.

Shayx ularga parvo qilmay so‘zida davom etdi. Shunda bir kishi turib, hammani jim tinglashga buyurdi. Zal tinchidi, endi faqat shayxning gapi eshitilardi. U oyatlar tilovat qilar, nabaviy hadislar aytib, ba’zi solih kishilarning tavba qilishi haqidagi qissalarni so‘zlardi. Oxirida shunday dedi: “Ey odamlar! Sizlar ko‘p yil yashadinglar, ko‘p gunohlar qildinglar. O‘sha gunohlarning lazzati qayoqqa ketdi? Lazzatlar ketdi, ammo nomai a’mollar qorayib qoldi. Ular haqida qiyomat kunida javob berasizlar. U Kun juda tez kelib qoladi.

Ey odamlar! Qilayotgan ishlaringizni hech o‘ylab ko‘rdinglarmi? Ular sizlarni qayerga yetaklashi mumkin? Bu dunyodagi oddiy olovga bardosh berolmaysizlar-u, undan yetmish barobar issiqroq bo‘lgan jahannam oloviga qanday chidaysizlar?! Kech bo‘lmasidan tavba qilinglar!”

Shayx klubdan chiqdi, hamma yig‘lab uning orqasidan ergashdi, qo‘lida tavba qilishdi, hatto klub egasi ham».

(davomi bor)
Asadullo Xolmurodovning "Mo‘minning quvvati" kitobidan olindi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo