19:13 / 12.09.2022
2 033

Moskva va Peterburg munitsipal deputatlari Putinning iste’fosini talab qilmoqda

Moskva va Peterburg munitsipal deputatlari Putinning iste’fosini talab qilmoqda
Foto: TASS
Rossiyada munitsipal deputatlarning mamlakat prezidenti nomaqbul xatti-harakatlari to‘g‘risida e’lon qilgan yangi murojaati paydo bo‘ldi. Murojaatni peterburglik deputat Kseniya Torstrem e’lon qildi.

Moskva, Sankt-Peterburg va Kolpinoning 18 ta okrugi munitsipal deputatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning iste’fosini talab qilib, ommaviy bayonot bilan chiqishdi. 12 sentabr, dushanba kuni murojaatni Sankt-Peterburgning «Semenovskiy» munitsipal okrugi deputati Kseniya Torstrem Twitter’da e’lon qildi. U boshqa munitsipal deputatlarni bayonotga qo‘shilishga chaqirdi.

«Biz, Rossiya munitsipal deputatlari, prezident Vladimir Putinning xatti-harakatlari Rossiya va uning fuqarolari kelajagiga zarar yetkazadi, deb hisoblaymiz. Biz Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimidan iste’foga chiqishini talab qilamiz!» – deyiladi 20 ga yaqin deputat imzolagan murojaat matnida. Torstremning ta’kidlashicha, «murojaat matni ixcham» va hech kimni «obro‘sizlantirmaydi».

Munitsipal deputatlarning shunga o‘xshash bayonotlari o‘tgan haftada paydo bo‘la boshladi. 7 sentabr kuni Sankt-Peterburg «Smolninskoye» munitsipaliteti deputatlar kengashi Putinni davlatga xiyonat qilgani uchun lavozimidan chetlatish chaqirig‘i bilan Davlat dumasiga murojaat yuborishga qaror qildi. Ular prezidentning qarorlari oqibatlarini buning alomatlari deb atashgan: Rossiya armiyasi bo‘linmalarining yo‘q qilinishi, Rossiyaning yosh va mehnatga layoqatli fuqarolarining o‘limi va jarohati, Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazish va NATOning kengayishi, shuningdek, Ukraina armiyasining zamonaviy G‘arb qurol-aslahalari bilan jihozlanishi, bu - uning «demilitarizatsiya» maqsadiga ziddir.

Tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan Sankt-Peterburg munitsipalitet deputatlaridan biri Nikita Yuferevning DW nashriga aytishicha, 8 sentabr kuni unga va «Smolninskoye» munitsipalitetining boshqa deputatlariga politsiyadan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ularga nisbatan Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» bo‘yicha protokollar tuzildi.

Bundan tashqari, 8 sentabr kuni Moskvaning «Lomonosovskiy» munitsipal okrugi deputatlari kengashi Putindan iste’foga chiqishni so‘radi. Moskva mundeplari prezidentga e’lon qilingan murojaatida hokimiyat o‘zgarishi mamlakatning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun muhim ekanligini yozadi, Putin uchun esa ikkinchi muddatdan keyin «hamma narsa qandaydir tarzda noto‘g‘ri ketdi: YAIM ikki baravar oshmadi, minimal ish haqi e’lon qilingan raqamlarga ko‘tarilmadi, aqlli va mehnatga layoqatli odamlar Rossiyani ommaviy tark etyapti, va’da qilingan barqarorlik ko‘rinmayapti».

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo