17:24 / 13.09.2022
1 830

Qrimdagi to‘yda «Chervona kalina»ga raqsga tushishdi. Aksenov bundaylarni xoin deb atadi

Qrimdagi to‘yda «Chervona kalina»ga raqsga tushishdi. Aksenov bundaylarni xoin deb atadi
Foto: glava.rk.gov.ru
Rossiya tomonidan Qrim rahbari etib tayinlangan Sergey Aksenov ukraincha qo‘shiqlar aytadigan mahalliy aholi vakillariga murojaat qilib, ularga jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi bilan tahdid qildi.

Aksenov «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) vaqtida «ukraincha shiorlar aytayotgan, millatchilar madhiyasini kuylaydiganlar»ga nisbatan jinoiy ish ochilishi mumkinligini aytdi.

Aksenov ijtimoiy tarmoqda tarqalgan qandaydir ommaviy tadbir haqida gapirib, unda Ukrainani olqishlaydigan chaqiriqlar bo‘lganini gapirgan. U aynan qaysi tadbir haqida gapirganiga aniqlik kiritmagan, lekin bunday tadbir tashkilotchilari va qatnashchilari jazolanishi kerakligi haqida post e’lon qildi.

Aksenov bu tadbir ishtirokchilarining barchasini aniqlashga ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, bu masala bilan FXX, militsiya, prokuratura va hukumat vakillari shug‘ullanmoqda. Aksenov aytgan tadbirda qatnashganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi, lavozimidan ozod qilinishi va Rossiya hududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

«O‘zini bunday tutadigan odamlarni haqiqiy xoin deb bilaman. Ukrainadagi rejimni qo‘llaydiganlarning barchasi ularga yoqadigan davlatga ketishi kerak. Bizning davlatimiz yoqmayaptimi? O‘zingizga yoqadigan davlatga boring», degan Aksenov.

Aksenov shu kunlarda internetda tarqalgan to‘y tasvirlarini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Qrimdagi Bog‘chasaroy tumanida joylashgan restoranda o‘tgan o‘sha to‘yda mehmonlar Ukrainani sharaflaydigan «Chervona kalina» qo‘shig‘i sadolari ostida raqsga tushgan.

1914 yilda yozilgan «Oy u luzі chervona kalina» qo‘shig‘i fevral oyi oxirida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Ukrainaning ramzlaridan biriga aylangandi. Boshqa davlatlarda ham Ukrainani qo‘llamoqchi bo‘lganlar shu qo‘shiqni kuylashmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo