
Foto: AP
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon bilan sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 105 nafar armanistonlik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi.
U shuningdek, Armaniston mamlakat hududiy yaxlitligini tiklash uchun 4-modda bo‘yicha Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) murojaat qilganini aytdi. Shartnomaning ushbu moddasida tashkilot a’zosiga harbiy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
«Rossiya va KXSHT bizning ittifoqchimiz. KXSHT to‘g‘risidagi shartnomaning 4-moddasida "Biror ishtirokchi davlat boshqa davlat yoki davlatlar guruhi tomonidan tajovuzga duch kelsa, bu Shartnomaning barcha ishtirokchi davlatlariga qarshi tajovuz deb hisoblanadi" deb yozilgan. Biz KXSHTga murojaat qildik»,— dedi Pashinyan.
Uning aniqlik kiritishicha, KXSHTning harbiy aralashuvi nizoni hal qilish uchun yagona imkoniyat sifatida ko‘rilmaydi. Muammo siyosiy yoki diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi mumkin.
Avvalroq KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Armaniston-Ozarboyjon chegarasida vaziyat keskinlashgani sababli o‘z missiyasini Armanistonga yuborishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.
Tashkilot xabarida aytilishicha, KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas boshchiligidagi missiya «mavjud vaziyatni baholash, mintaqadagi vaziyat bo‘yicha davlat rahbarlariga batafsil hisobot tayyorlash va yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish» uchun Armanistonga yuboriladi.
KXSHTga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar