10:08 / 19.09.2022
2 020

Pugachyovaning norozilik posti yuz minglab layk to‘pladi

Pugachyovaning norozilik posti yuz minglab layk to‘pladi
Foto: Globallookpress
«Yovuzlik kuchlariga qarshi bir million qizil atirgul», «Putin rejimi tugashining boshlanishi» - Rossiya va Ukrainadagi siyosatchilar, artistlar va boshqa jamoat arboblari Ukrainaga qarshi Rossiya urushi oqibatlarini baholagan Pugachyova bayonotini muhokama qilmoqda.

«Bravo, Alla Borisovna!», «Allaga hurmat», «Alla Pugachyovaning ko‘p yillardagi eng yaxshi ijrosi» - rusiyzabon ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari taniqli qo‘shiqchining «Rossiyani quvg‘in qilish va fuqarolari hayotini qiyinlashtirib qo‘yish» xayoliy maqsadlari uchun yigitlar o‘limini to‘xtatishni» so‘ragan turmush o‘rtog‘i, artist Maksim Galkin bilan birdam ekani va «xorijiy agentlar» qatoriga o‘zini ham qo‘shishni so‘raganihaqidagi bayonotiga shunday reaksiya bildirdi. Bir necha soat ichida, 18 sentabr, yakshanba oqshomida Alla Pugachyovaning 3,4 million obunachisi bo‘lgan Instagram sahifasidagi ushbu posti yarim milliondan ortiq «layk» to‘pladi.

Pugachyovaning turmush o‘rtog‘i Galkinni qo‘llab-quvvatlagan bayonotida «Ukraina» so‘zi yo‘q, biroq foydalanuvchilar aksariyati buni aynan Rossiyaning qo‘shni davlatga bostirib kirishini tanqid qilish sifatida qabul qildi va xonandaning bu qadamini yuqori baholadi.

Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari baho berishda nisbatan sovuqqon bo‘ldi. Pugachyovaning Ukrainadagi urushga umuman qarshi chiqmagani, faqat «erini qo‘llab-quvvatlagani» va o‘z postini «iloji boricha tushunarsiz» yozganini ta’kidlagan ushbu foydalanuvchilar uning urushga munosabatini «yarim yil kutishga to‘g‘ri kelganini» aytishdi.

Shu bilan birga, Pugachyovaning bayonoti ko‘plab internet foydalanuvchilarining tanqidiga sabab bo‘ldi, ular qo‘shiqchini xiyonatda aybladi.

Qo‘shiqchining so‘zlariga nafaqat oddiy foydalanuvchilar, balki ko‘plab rossiyalik siyosatchilar, san’atkorlar va boshqa taniqli shaxslar ham munosabat bildirishdi.

Hozir Fransiyada bo‘lgan aktrisa va rejissyor Renata Litvinova o‘zining Telegram-kanalida «Alla, senga hurmatim cheksiz», deb yozdi.

«Alla Pugachyova so‘z erkinligi uchun, qatag‘on va urushga qarshi chiqdi. Yovuz kuchlarga qarshi million qizil atirgul», - deya qo‘shiqchini qo‘llab-quvvatladi advokat va huquq himoyachisi Pavel Chikov Twitter sahifasida.

«Putin kim? Alla Pugachyova davridagi mayda siyosatchi», - deya ta’kidladi muxolifatchi siyosatchi Dmitriy Gudkov Twitter sahifasida.

Sankt-Peterburg qonunchilik yig‘ilishining 5- va 6-chaqiriq deputati Maksim Reznik «Pugachyova qo‘zg‘oloni rejimning qulashiga olib keladi» degan fikrni bildirgan, rossiyalik iqtisodchi, professor Maksim Mironov esa Twitter’da Alla Borisovna uning 2024 yilgi Rossiya prezidentligiga saylovlarda nomzodi ekanini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, siyosatshunos Stanislav Belkovskiy o‘zining Telegram-kanalida shunday dedi: «A.B.Pugachyova amalda Rossiya jamiyatining urushga qarshi qismi yetakchisiga aylanmoqda».

Pugachyovaning bayonotiga salbiy izohlarni davlat hokimiyati organlariga aloqador rossiyalik siyosatchilar, shuningdek, Kremlga sodiqligi bilan tanilgan jamoat arboblari bildirishdi.

Shu tariqa, teleboshlovchi Vladimir Solovyov Telegram’da bu haqda shunday yozdi: «Tinch yoting, Alla Borisovna...». Sobchak o‘zining «Qonli xonim» Telegram-kanalida Pugachyova qo‘shiqlarini tinglash mumkin bo‘lgan internet-resurslar havolasini qo‘yib, «Bilasanmi, hali hammasi bo‘ladi» degan lakonik izoh joyladi.

Shu bilan birga, Rossiya Davlat dumasi raisining o‘rinbosari Pyotr Tolstoy o‘zining Telegram-kanalida shunday dedi: «Mamlakatning sobiq eng mashhur qo‘shiqchisi bo‘lgan Pugachyova haqiqat bilan aloqani shunchalik yo‘qotib, Rossiyaning mag‘lubiyatini orzu qilganlar bilan birdamlikda ekanidan afsusdaman. Endi uning o‘rni SSSR tarixi muzeyida».

Reper Timati ham Pugachyovaning so‘zlarini keskin tanqid qildi: «Menimcha, o‘z qadrdon mamlakatingga mazg‘ava ag‘darib, Yevropaning kichik zallarida bir guruh muhojirlar bilan birga uning siyosiy qarorlari va vektori ustidan kulish – haqiqiy qadr-qimmat va vatanparvarlikdir!».

Pugachyovaning bayonotiga Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ham munosabat bildirdi. O‘zining Facebook sahifasidagi batafsil postida u Alla Borisovnaning «Putin tizimiga qarshi isyoni: Putin rejimining yetakchi mifologiyasi qonuniyligiga putur yetkazish, bu urushni oqlashning asosiy narrativini buzish, Putin rejimi qonuniyligi asosini tashkil etuvchi fuqarolar o‘rtasidagi portlash, bu rejim intihosining boshlanishi», deb yozdi.

Alla Pugachyova uzoq vaqt davomida Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarga bevosita o‘z munosabatini bildirmadi. Shu bilan birga, uning turmush o‘rtog‘i Maksim Galkin Rossiyaning qo‘shni davlatga bostirib kirishini bir necha bor tanqid qildi. 16 sentabr kuni Rossiya Adliya vazirligi Galkinga «xorijiy agent» maqomini berdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo