2 446
O‘zbekiston rasmiylari xorijdagi fuqarolarni ogohlantirdi: Bu o‘yin yoki kino emas. Bu — URUSH!

Bugun butun dunyo nigohi Rossiya va Ukrainada. Putin Ukrainaga qarshi urushga qisman safarbarlik e’lon qildi. Bu bo‘yicha Rossiya yetakchisi farmonga ham imzo chekdi.
Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga safarbarlik bo‘yicha chaqiruv xatlari kela boshladi. Tabiiyki, bu barchani birdek tashvishga solish bilan birga, xushyorlikka ham undaydi.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bu bo‘yicha xorijdagi fuqarolarga murojaat qilib, ogohlantirish bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
«Chet mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizdan harbiylashgan tuzilmalarga yollanmaslikka, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz va bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida yana bir bor ogohlantiramiz», — deyiladi xabarda.
Rossiyadagi safarbarlik yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham munosabat bildirib, xorijdagi o‘zbekistonliklarni harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi:
«Mabodo siz Rossiyada ishlayotgan bo‘lsangiz, pulga qiziqib yoki turli yolg‘on propagandalarga ishonib Ukrainaga urushga borib yurmang! Pul evaziga odam o‘ldirish uchun yollanish katta gunoh va og‘ir jinoyat. Boz ustiga siz ikkala davlat uchun ham begonasiz! Urushga borsangiz, yoki itday o‘lib ketasiz, yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolasiz, yoki mabodo sog‘-omon qaytsangiz ham 10 yilga qamalasiz.
Esingizni yig‘ing! Bu o‘yin yoki kino emas. Bu — URUSH!», — deydi bloger.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar