1 585
DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha referendumlar boshlandi

Foto: «Novosti seychas»
O‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Lugansk va Donetsk xalq respublikalarida, shuningdek, Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari nazoratidagi Zaporoje va Xerson viloyatlarida «Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar» boshlandi.
Saylov komissiyalari Toshkent vaqti bilan soat 10:00 da ish boshladi. Rossiyada ham «ovoz berish» uchun saylov uchastkalari ochildi.
Barcha hududlarda «ovoz berish» besh kun ya’ni 27 sentyabrgacha davom etadi. Shundan so‘ng ovozlarni sanash boshlanadi. Shu bilan birga, LXR va DXRda hamda qolgan ikki viloyatda dastlabki to‘rt kun davomida saylov komissiyalari mahalliy aholining uylariga boradi. Referendumning so‘nggi kunida esa LXR, Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi saylov uchastkalari Toshkent vaqti bilan soat 10:00 dan 18:00 gacha, DXRda 10:00 dan 22:00 gacha ochiq bo‘ladi.
DXR va LXRda mahalliy aholi «respublikaning Rossiya Federatsiyasi ta’sis sub’ekti sifatida Rossiya tarkibiga kirishini» qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi degan savol «ovozga» qo‘yilgan.
Zaporoje va Xerson viloyatlarida esa «Siz Ukrainadan ajralib chiqish, mintaqaning mustaqil davlat tashkil etishi va Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi tarafdorimisiz?» degan savol «ovoz»ga qo‘yilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar