15:47 / 03.10.2022
1 758

«Boylarga soliq soling, kambag‘allarga hujum qilmang»

«Boylarga soliq soling, kambag‘allarga hujum qilmang»
Namoyishchilar Londondagi Kings Kross vokzali oldiga to‘planib, yashash narxi oshishiga norozilik bildirishdi. Ular qo‘llariga «Boylarga soliq soling, kambag‘allarga hujum qilmang», «Ish tashlashlarni qo‘llab-quvvatlang» va «Barchamizga maoshni oshirish kerak» degan shiorlar yozilgan plakatlar va bannerlar ko‘tarib olishdi, deb xabar berdi euronews.com.

Ko‘plab nohukumat tashkilotlar va kasaba uyushmalari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan aksiya ishtirokchilari hukmron Konservativ partiyaning iqtisodiy siyosatini qattiq tanqid qildi.

Britaniyaning yangi Bosh vaziri Liz Trassga nisbatan bosim kuchaymoqda. Vazifaga kelganidan keyin to‘rt haftadan kamroq vaqt o‘tgach va yashash xarajatlari inqirozi sharoitida eng boylarga soliqlarni kamaytirish uchun mini-budjet e’lon qilinganidan bir hafta o‘tgach, so‘rovda qatnashgan britaniyaliklarning 50% dan ortig‘i uning ketishi kerakligini aytdi.

Yozda Trass sobiq moliya vaziri Rishi Sunakni yetakchilik uchun kurashda mag‘lub etdi, zudlik bilan soliqlarni kamaytirishni va’da qildi. Shuningdek, Buyuk Britaniyadagi retsessiya prognozlariga qaramay, iqtisodiy o‘sishni oshirishga e’tibor qaratdi.

Ammo o‘tgan hafta Moliya vazirligining yangi kansleri Kvazi Kvarteng soliqlarni kamaytirish rejalarini e’lon qilganida, ular ko‘pchilik kutganidan ham uzoqroqqa borishdi: daromad solig‘ining yuqori stavkasini va bank bonuslari bo‘yicha cheklovni olib tashladi. Bu bozorlarda beqarorlikni keltirib chiqardi va funt sterlingning tushishiga olib keldi.

Trass o‘zining o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan moliyaviy rejasini e’lon qilish «milliy iqtisodiyotda uzilishlarga sabab bo‘lganini» tan oldi va «mamlakat moliyasini nazorat qilish uchun qat’iy choralar ko‘rilganini» ta’kidladi.

Juma kuni qayta ko‘rib chiqilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya hali retsessiyada emas. Bu esa Bosh vazir Liz Trass foydasiga ishlaydi, ammo foiz stavkalarining keskin o‘sishi tufayli mamlakat iqtisodiyoti hali ham tanazzulga yuz tutishi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo