15:03 / 13.10.2022
4 245

Erdo‘g‘on Putinning qarshisida jiddiy chaqiriq bilan chiqdi: «Urushda g‘olib bo‘lmaydi»

Erdo‘g‘on Putinning qarshisida jiddiy chaqiriq bilan chiqdi: «Urushda g‘olib bo‘lmaydi»
Foto: AA
Turkiya Ukrainadagi qon to‘kilishini imkon qadar tezroq to‘xtatishga urinmoqda. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Ostona shahrida o‘tayotgan VI sammitida gapirdi. E’tiborga molik jihati, Ukraina masalasi ko‘tarilgan mashvaratda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham qatnashgan.

Turkiya rahbariga ko‘ra, Rossiya–Ukraina urushi mavjud murakkab vaziyatga qaramay, diplomatik choralar orqali to‘xtalishi kerak.

«Barchamiz ham mintaqaviy, ham jahon miqyosida Ukrainadagi inqiroz asoratlarini his etmoqdamiz. Men adolatli dunyoni faqatgina diplomatiya yo‘li bilan barpo etish mumkinligini ko‘pdan beri ta’kidlab kelaman. Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi. Adolatli dunyoda esa hech kim mag‘lub sanalmaydi», – dedi Erdo‘g‘on.

Joriy yil iyul oyida Istanbul shahrida «Ukraina portlaridan g‘alla hamda oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz olib o‘tish tashabbusi» deb nomlangan bitim imzolandi. Turkiya rahbariyati va BMT shafeligida imzolangan hujjat dunyoda ochlik muammosini hal etishga qaratilgan.

Prezident Erdo‘g‘on Ostona sammitidagi nutqida Istanbul bitimi imzolanishini yutuq deb atar ekan, shu kabi ijobiy urinishlar davom etayotganini qayd etdi.

Turkiya yetakchisi majlis ishtirokchilari va xalqaro hamjamiyatni Ukraina urushini tezroq to‘xtatishga chaqirdi.

Siyosatchi o‘z nutqida xalqaro xavfsizlik, terrorga qarshi kurash, BMT faoliyatini isloh etish kabi masalalarga ham to‘xtalgan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Erdo‘g‘on Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda ham Ukrainada ziddiyatni bartaraf etish masalasini ko‘targan.

Eslatib o‘tamiz, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. Unda keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo