
Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Rossiya ma’muriy hududlari rahbarlari biri ketidan ikkinchisi harbiy safarbarlik rejasini 100 foiz bajargani haqida hisobot berganidan so‘ng, ular safarbarlikning «ikkinchi bosqichi»ni ham e’lon qila boshladi. Gubernatorlar xatosini Kreml tuzatdi. Prezident matbuot kotibining so‘zlaridan kelib chiqilsa, Vladimir Putin «qisman» deb atagan safarbarlik uzluksiz jarayonga aylanishi mumkin.
Hududlar ikkinchi bosqichga o‘tdi
Barchasi bir kun avval Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubevning oblast «yangi safarbarlik topshirig‘i» olgani haqidagi bayonoti bilan boshlandi. O‘tgan haftagina hudud ma’muriyati Mudofaa vazirligi tomonidan viloyatga qo‘yilgan qisman safarbarlik rejasi «to‘liq bajarilgani» haqida xabar bergandi.
Rostov gubernatorining so‘zlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, harbiy chaqiruv komissariatlari Mudofaa vazirligining yangi topshirig‘ini bajarishga kirishgan. Ya’ni ular yana safarbar qilish uchun erkaklarni qidirishni boshlagan.
11 oktabr kuni Kursk oblasti ma’muriyati tomonidan ham xuddi shunday bayonot berildi: «Safarbarlikning birinchi bosqichi to‘liq yakunlandi. Mintaqada ikkinchi bosqich boshlandi».
Safarbarlik davom etishini e’lon qilgan uchinchi mintaqa Buryatiya bo‘ldi. Ukrainada halok bo‘lgan Rossiya harbiylarining katta qismi aynan shu respublika vakillaridir.
Buryatiya «qisman» safarbarlik rejasi yuz foiz bajargani haqida 30 sentyabr kuni xabar berilgan edi. Biroq, Buryatiya rasmiylari gap «yangi to‘lqin» haqida ketmayotganini bildirdi (ya’ni ikkinchi bosqich boshlangan).
Buryatiya harbiy komissari o‘rinbosari Igor Kibalnik yangi safarbarlik ishlarini «qo‘shimcha yig‘in» deb atadi.
«Buryatiyada qo‘shimcha yig‘in unchalik ham katta ko‘lamda emas. Shuning uchun ikki hafta oldin bo‘lgani kabi maktablar va boshqa joylarda qo‘shimcha chaqiruv-yig‘uv punktlarini ochishga hojat yo‘q. Mavjud komissarliklar ishlari yetarli. Hech qanday shoshqaloqlik, tuni bilan ishlash haqida gap ketayotgani yo‘q. Barchasi reja bo‘yicha ketadi, vazifani bajarish uchun vaqt bor», – deydi u.
«Dojd» telekanali Omskdagi harbiy komissarlikdagi uchrashuvning audioyozuviga asoslanib taxmin qilgan versiyaga ko‘ra, safarbarlik uch bosqichda amalga oshiriladi: 26 sentyabrdan 10 oktabrgacha, 11 oktabrdan 25 oktabrgacha va 26 oktabrdan 10 noyabrgacha. Telekanal audioyozuv haqiqiyligini to‘liq tasdiqlashning imkoni yo‘qligini ta’kidlagan. Telekanal tomoshabinlari esa shunga o‘xshash ma’lumot haqida Krasnoyarsk o‘lkasidan ham xabar bergan.
«Hech qanday yangi to‘lqin yo‘q»
«Boshqa hududlarda safarbarlik davom etayotgani — bu qo‘shimcha yig‘in jarayoni, safarbarlikning ikkinchi to‘lqini emas», – degan TASS nashri bilan suhbatlashgan Baykal o‘lkasi ma’muriyati vakili Roman Shadrin.
«Bizda safarbarlikning ikkinchi to‘lqini haqida gap ketgani yo‘q, biz hozir bajarayotgan, belgilangan vazifalarimiz bor. Hammani bir vaqtning o‘zida, bir kunda chaqirish topshirig‘i yo‘q», – degan Ryazan oblasti gubernatori Pavel Malkov. Bu hudud ma’muriyati boshqalardan farqli ravishda safarbarlik rejasining bajarib bo‘lingani haqida hisobot bermagandi.
Ommaviy axborot vositalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, safarbarlik rejasi bajarilgani to‘g‘risida o‘ttiz to‘qqizta hudud hisobot bergan. Bu borada 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim ma’muriyati birinchi bo‘lgan edi.
Yangi safarbarlik topshirig‘i haqida birinchi bo‘lib xabar bergan Rostov gubernatori so‘zlarini allaqachon ushbu oblast harbiy komissari Igor Yegorov tuzatishga ulgurdi.
«Meni shuni eslatmoqchi edimki, safarbarlikning yangi to‘lqini degan narsa yo‘q. Barcha safarbarlik ishlari oldindan belgilangan muddat va miqdorda amalga oshirilmoqda. Yana bir bor eslatib o‘taman, safarbar qilinishi kerak bo‘lganlar soni 300 ming kishini tashkil etishi kerak», – deya Yegerov gubernatorning so‘zlarini to‘g‘rilagan.
Bu raqamni 21 sentyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng ma’lum qilgandi. Putin safarbarlikni «qisman» deb atadi, biroq keyingi voqealar shuni ko‘rsatdiki, chaqiruv qog‘ozlari hammaga, jumladan yoshi va sog‘lig‘i bois xizmatga yaroqsiz bo‘lganlarga ham kela boshladi. Ko‘plab mojarolardan so‘ng Putinning o‘zi ham muammolarni tan olishga majbur bo‘ldi.
4 oktabr kuni Shoygu safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng qurolli kuchlar safiga «200 mingdan ortiq odam» kelib qo‘shilganini aytdi.
Putin tomonidan chiqarilgan farmonda safarbarlik qancha muddat davom etishi ko‘rsatilmagan. Unda faqat harbiy xizmatga chaqirish muddati Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanishi aytilgan.
«Doimiy jarayon»
Hozirda Kremldagilar Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun fuqarolarni safarbar qilishning yangi to‘lqini yo‘qligini aytmoqda.
«Hech qanday yangi to‘lqin yo‘q, bu yerda har bir gubernator ular nimani nazarda tutayotganini aniqlab olishi kerak», – deya Dmitriy Peskov gubernatorlarning yangi safarbarlik topshiriqlarini olgani haqidagi bayonotlariga munosabat bildirdi.
«Prezidentning tegishli farmonida hech qanday safarbarlik bosqichlari ko‘rsatilmagan. Qisman safarbarlik jarayoni davom etmoqda, bu uzluksiz jarayon va u hech qanaqa bosqichlarga bo‘linmaydi», – degan Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yuriy Shvitkin «Rossiyskoy gazeta» nashriga.
Avvalroq OAV Rossiyaning turli shaharlarida harbiy chaqiruv komissariatlari erkaklarning yashash joylarida ham, ish joylarida ham reyd o‘tkazib, olib ketayotgani haqida xabar berdi. Forbes jurnali xodimining aytishicha, u pasport olish uchun borgan Ko‘ptarmoqli markazda unga chaqiruv qog‘ozini berishga harakat qilishgan.
«Mediazona» nashri ma’lum qilishicha esa, safarbarlik boshlanganidan uch hafta o‘tib, moskvaliklar uysizlarga yordam berish markazlari, mehnat muhojirlari yashovchi hostellar va biznes-ofislarda politsiya hamda harbiy komissarlarning paydo bo‘layotgani haqida xabar bera boshlagan.
Safarbarlik haqida tushuntirishlar beruvchi «Ob’yasnyayem.rf» hukumat portali bir kun avval nihoyat ko‘chada chaqiruv qog‘ozlarini berish mumkin emasligiga e’tibor qaratdi.
«Politsiya xodimi yoki harbiy komissar chaqiruv qog‘ozini fuqaroga berishdan oldin ko‘chaning o‘zidayoq to‘ldirishi mumkinmi?» degan savolga sayt muharrirlari «Chaqiruv qog‘ozi oldindan rasmiylashtirilib, harbiy komissar tomonidan imzolanishi va harbiy komissarlik muhri bilan tasdiqlanishi kerak» deya javob bergan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar