
Foto: kremlin.ru
Rossiyada safarbarlik «taxminan» ikki haftadan keyin yakunlanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni Ostonadagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishidan 222 ming nafari safarbar qilingan. «Bu ish hozirgi paytda yakunlanmoqda. Taxminan ikki hafta ichida barcha safarbarlik tadbirlari yakunlanadi deb o‘ylayman», - deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS axborot agentligi.
Bundan oldin 14 oktabr kuni ertalab Rossiya poytaxti va Sankt-Peterburgda erkaklar «hujjatlarni tekshirish» uchun qo‘lga olinib, ularga harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi topshirilayotgani xabar berilgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentyabr kuni «qisman safarbarlik» e’lon qilib, «ayrim toifadagi fuqarolar»dan 300 ming kishini chaqiriqqa jalb qilishga va’da berdi. Aslida, safarbarlik ommaviy bo‘lib chiqdi va ko‘plab qonunbuzarliklar bilan amalga oshirilmoqda. Ko‘p odamlar undan qochishga harakat qilishyapti.
Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki ikki haftaning o‘zida 53 ta mintaqadan 200 mingdan ortiq kishi frontga jo‘natilgan. Rossiya hukumati Ukrainada safarbar qilingan besh kishi allaqachon halok bo‘lganini tan oldi. Yig‘in punktlarida 20 ga yaqin odam hayotdan ko‘z yumdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar