18:26 / 22.10.2022
1 587

Xitoy Kommunistik partiyasi Si Jinpingning markaziy rolini mustahkamladi

Xitoy Kommunistik partiyasi Si Jinpingning markaziy rolini mustahkamladi
Foto: CNN
Xitoy Kommunistik partiyasi Pekinda bo‘lib o‘tgan qurultoydan so‘ng Si Jinping va uning siyosiy g‘oyalari XKPdagi ustunligini, shuningdek, Xitoydagi partiyaning markaziy hokimiyatini mustahkamladi.

Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) XKP Markaziy qo‘mitasi (MQ) bosh kotibi, rais Si Jinpingning markaziy rolini mustahkamladi. Tashkilot nizomidagi tegishli o‘zgartirishlar 22 oktabr, shanba kuni partiyaning XX qurultoyi yakunlariga ko‘ra tasdiqlandi. Ularning maqsadi XKPda Si va uning siyosiy g‘oyalari ustunligini namoyish etish va Xitoyda partiya hokimiyatini saqlab qolishdir.

Qurultoy, shuningdek, XKP MQning tarkibini tasdiqladi. 23 oktabr, yakshanba kuni plenum Markaziy qo‘mita Siyosiy byurosi va Siyosiy byuro doimiy qo‘mitasining yangi tarkibini tayinlaydi. 69 yoshli Si Xitoy rahbariyatining qolgan qismiga nisbatan amalda bo‘lgan joriy ikki muddatlik cheklovga qaramay, uchinchi besh yillik muddatga XKP Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga tasdiqlanishi kutilmoqda.

Pekindagi Xalq majlislari zalida bir hafta davom etgan partiya qurultoyi yakunida 2300 ga yaqin delegat tuzatishlarni qabul qildi. Qarorda aytilishicha, «Markaziy qo‘mitaning o‘zagi» sifatida Si Jinping va uning nazariyalari tufayli partiya mamlakatdagi qarama-qarshilik va muammolarni bartaraf eta oldi. Hujjatda ta’kidlanishicha, partiya va Xitoy oldida dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan jiddiy muammolar turibdi. Shu munosabat bilan qurultoy armiyani kuchaytirish va uni «jahon darajasidagi qurolli kuch»ga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, Tayvanda «mustaqillik kuchlariga qarshi» qat’iy kurash olib borish zarurligi ta’kidlandi.

Qurultoy yakunida axborot agentliklari e’tiborini tortgan voqea yuz berdi. Partiya va davlatning avvalgi yetakchisi 79 yoshli Hu Jintaoni minbardan, Si Jinping yonidagi o‘tirgan joyidan ikki kishi olib chiqib ketdi, deya xabar beradi dpa. 2012 yilda o‘z lavozimini o‘rinbosarga topshirgan Xu turli fraksiyalarning vakillari hamda Si bekor qilmoqchi bo‘lgan yosh va muddat chegaralari bilan «kollektiv» yetakchilik modelini yoqlaydi.

Bundan tashqari, Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan va Siyosiy byuro doimiy qo‘mitasining yana uch nafar a’zosi Kommunistik partiyaning 20-sonli Markaziy qo‘mitasi yangi tarkibiga kiritilmadi, deb xabar berdi «Sinxua» axborot agentligi.

Avvalroq, 16 oktabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) qurultoyining ochilishida XXR raisi Si Jinping Tayvanga harbiy kuch bilan tahdid qilgan edi. Xitoy tinch yo‘l bilan «qayta birlashish» tarafdori, ammo «biz hech qachon kuch ishlatishdan voz kechish majburiyatini olmaymiz. Xitoy rahbariyati barcha zarur choralarni ko‘rish imkoniyatini saqlab qoladi», dedi Si.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo